Surxondaryoda ko‘chat ekishga kirishildi
Surxondaryo viloyatida "Yashil vatanim" aksiyasi doirasida joriy yil kuz va kelgusi yil bahor mavsumi uchun ko‘chat ekish boshlandi.
Viloyat hokimligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan ommaviy tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, yangi bog‘-rog‘lar barpo etishga alohida etibor qaratilayotgani qayd etildi. Shunga muvofiq ko‘chat ekiladigan hududlarga mas’ullarni biriktirish, daraxt ko‘chatlarini mavsum davomida parvarishlash, ularni zararkunandalardan himoya qilish va payhon etilishining oldini olish zarurligi ta’kidlandi.
Surxondaryo viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida vohada 18 million 763 mingdan ortiq turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, parvarishlanayotgani bunga yaqqol dalildir.
Yangi yilning fevral oyigacha davom etadigan aksiya davomida viloyat bo‘yicha 17 million 993 ming dona turli daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Uning 1 million 54 ming tupi Termiz shahridagi mahallalar, guzar va xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar, markaziy ko‘chalar atrofiga o‘tqaziladi.
Aksiya ishtirokchilari voha markazidagi San’at saroyi, Fidokor, Shifokor, At-Termiziy, Ibn Sino, Islom Karimov nomli ko‘chalar atrofiga 10 ming dona manzarali daraxt ko‘chatlarini qadadi.
Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi va ilk ko‘chatni o‘tqazib berdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA