Surxondaryoda «Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi» uchun kurash musobaqasi o‘tkazildi
Termiz shahridagi «Alpomish» sport majmuasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilari va xizmatchilari o‘rtasida kurash bo‘yicha «Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi» musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Sakkizta vazn toifasida tashkil etilgan bellashuvlarda mamlakatimizning 12 ta viloyati, Toshkent shahri hamda vazirlikning oltita boshqarmasidan 100 nafarga yaqin polvon g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi birinchi, Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ikkinchi, Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa g‘oliblari va sovrindorlari «Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi», diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur musobaqa harbiy xizmatchilar va xizmatchilar o‘rtasida milliy sport turi — kurashni ommalashtirish, jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga qaratildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA