Surxondaryo yangilanishlar ostonasida dadil odimlamoqda
Tashrifdan tashrifgacha
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish va istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida 1 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga keldi.
Surxondaryo – bundan to‘rt-besh oldingi viloyat emas. Bu yurtning fidoyi, tanti va izlanuvchan odamlari ertaga bugungidan ham yaxshiroq yashash, viloyatni obod va farovon go‘shaga aylantirish uchun yeng shimarib mehnat qilmoqda. Shu maqsadda tadbirkorlar hududning boy imkoniyatidan oqilona foydalanish yo‘lida yangi-yangi loyihalarni amalga oshirayotir. Shijoati baland bunyodkorlar zamonaviy iqtisodiy-ijtimoiy inshootlar, osmono‘par uy-joylar barpo etib, voha qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Tanti mirishkorlar yilning to‘rt faslida ham turli ziroat parvarishlab, bozorlarimizga arzon, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berayotir.
Davlatimiz rahbari 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari janubdagi viloyatga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini sifat jihatdan kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish va servis, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarni jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi. Shunga muvofiq o‘tgan davrda mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirildi. Ta’lim va tibbiyot sohalarida yirik o‘zgarishlar yuz berdi. Shahar va qishloqlarda arzon, sifatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 22349,0 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 25650,0 milliard so‘mga yetdi. Shu davrda sanoat mahsulotlari hajmi 4402,8 milliard so‘mdan 5515,9 milliard so‘mga o‘sdi. Sanoatda kichik biznesning ulushi 2019 yilda 42 foiz, 2020 yil yakunida 47 foizni tashkil etdi. 2019 yil aholi jon boshiga 1693,7 ming so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yil yakunida bu boradagi ko‘rsatkich 2057,4 ming so‘m bo‘lgani qayd etildi. Mazkur raqamlar ham voha tub o‘zgarish va yangilanishlarga yuz tutayotgani, odamlarning hayot darajasi o‘sib borayotganiga yaqqol dalildir.
Shu davrda qurilish mollari, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va terini qayta ishlash, yog‘-moy sanoati singari yo‘nalishlarda qator zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. O‘tgan yilning o‘zida 2,4 trillion so‘mga teng 730 dan ortiq loyiha bajarilib, 7 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Yigirmaga yaqin turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirildi. Jumladan, “Boysun lano” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mamlakatimiz farmatsevtika sanoati uchun yangi mahsulot– qo‘y junidan lanolin, “Boysun keramzit invest” korxonasida qurilish uchun noyob xom ashyo bo‘lgan keramzit, “Angor Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida biologik faol qo‘shimcha va mazlar, “Qayum Guzari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida fasad bo‘yoqlari va quruq qorishmalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ipakni qayta ishlash, charm-poyafzal va mo‘ynachilik yo‘nalishida yirik loyihalar amalga oshirildi. So‘lim va tog‘li Oltinsoy tumanida qiymati 85 milliard so‘mlik 200 o‘rinli “Xo‘jaipak” zamonaviy sog‘lomlashtirish markazining foydalanishga topshirilgani tibbiyot turizmini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Termiz tumanidagi moviy Uchqizil ko‘li bo‘yida ish boshlagan “OXUS” dam olish maskaning birinchi bosqichi mahalliy aholi va sayyohlarning ko‘ngilli hordiq chiqarishiga qulay sharoit yaratdi.
Prezidentimiz 2019 yil 17-18 oktyabrdagi tashrifi chog‘ida belgilab bergan topshiriqlari doirasida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududida yangi loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda. Bu yerda bunyod etilayotgan “Termiz” xalqaro savdo markazida ishlab chiqaruvchilar, afg‘onistonlik qo‘shnilar va qo‘shni davlat orqali kiruvchi boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Xalqaro savdo markazi foydalanishga topshirilgach, Ularga O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan 10 kun davomida ushbu hududda bo‘lish va chiqish tartibi joriy etiladi.
Davlatimiz rahbarining yon qo‘shnilar bilan o‘zaro hamkorlik va azaliy do‘stlik aloqalarimizni mustahkamlayotgani afg‘on birodarlarning ham vohada tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun qulay muhit yaratdi. Masalan, 2018 yil Surxon zaminida afg‘on sarmoyadorlari ishtirokida 103 korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 316 taga yetdi. O‘tgan hafta Termiz shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Afg‘oniston biznes-forumida surxondaryolik tadbirkorlar afg‘on hamkorlari bilan loyiha qiymati 103,2 million dollarlik 30 ta investitsviy loyiha va 30,4 million dollarga teng 8 ta eksport loyihasini imzoladi.
Tashrifdan tashrifgacha o‘tgan davrda Termiz shahri va qishloqlarda qurilgan ko‘plab yangi turar-joy binolari uyga muhtoj aholiga o‘zgacha quvonch ulashib, ularning hayotidan rozi bo‘lib, yashashiga puxta zamin yaratdi. Bu boradagi ishlar bugun ham izchil davom ettirilib, joylardagi 16 ta massivda 4 ming 800 xonadonga mo‘ljallangan 240 ta yangi uy barpo etilmoqda. Joriy yil va 2022 yilda Termiz shahrida 7, 9, 12, 16 qavatli 2 ming 210 oilaga mo‘ljallangan 29 ta, Denov tumanida 9, 12, 14, 16 qavatli 620 xonadonli o‘nta zamonaviy uy-joy quriladi.
Vohaning Boysun, Sherobod, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va boshqa tumanlarida yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari olib borilib, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sifati yanada yaxshilandi.
2019 yil 17-18 oktyabrdagi tashrif davomida viloyatning sanoat, qurilish salohiyatini oshirish barobarida ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli vazifalar qo‘yilgan edi. Xususan, viloyat kardiologiya markazi qoshida kardioreabilitatsiya bo‘limi, Denov, Uzun, Sariosiyo, Oltinsoy, Sho‘rchi tumanlari aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun Denov tumani tibbiyot birlashmasi binolari rekonstruksiya qilinib, besh o‘rinli zamonaviy gemodez bo‘limi tashkil qilindi. Shuningdek, 150 o‘rinli xirurgiya, terapiya va pediatriya bo‘limlari yangidan barpo etildi. Termiz shahridagi 90 o‘rinli tug‘ruq kompleksi 30 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskuna bilan jihozlandi. Termiz shahrida salobatli va ko‘rkam “Muz saroyi” qad rostladi. Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tizimida ko‘plab yangi zamonaviy inshootlar bunyod etilib, navqiron avlodning baxtu-kamoliga xizmat qila boshladi.
Prezidentimiz har safar viloyatga tashrif buyurganida buyuk allomalarimiz xoki mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, bu go‘shalarni obodonlashtirish, mahalliy va xorijliklar uchun qulay sharoitlar barpo etish, ulug‘ termiziylar merosini chuqur o‘rganib, tadqiq etish bo‘yicha ham muhim vazifalarni belgilab bermoqda. O‘tgan galgi tashrifda Termiz shahridagi Sulton Saodat majmuasida mahalliy va xorijlik ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarni yaratish, majmuaga olib boradigan yo‘l bo‘yida namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar barpo etish, masjid, mehmonxona va boshqa infratuzilma obektlarini qurish, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida termiziylar merosini o‘rganish va xorijlik olimlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, yoshlarga diniy ta’lim beradigan o‘quv dargohi tashkil etish g‘oyalarini ilgari surgan edi. Ayni paytda bu borada ham keng qamrovli ishlar olib borilayotir.
Surxondaryo ahli davlatimiz rahbarining bu safargi tashrifi ham viloyatni yangi bosqichda yuksaltirishning, odamlar hayot darajasini oshirishning ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berishini katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA