Surxondaryo mahallalari obod bo‘lmoqda
Mamlakatimizda inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun ekani yangilangan Konstitutsiyamizga chuqur singdirilib, bu yondashuv hayotimizning milliy qadriyati darajasiga ko‘tarildi. Inson qadrini yuksaltirib, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, muammolarini yechish davlat hokimiyati organlarining muhim vazifasi bo‘lib qoldi. Eng muhimi Bosh qomusimiz yurtimiz va xalqimizning obod, farovon hayotini ta’minlashning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib, jamiyatning ishonchli kafolatiga aylandi.
Yashash sharoiti birmuncha og‘ir bo‘lgan hududlardagi yurtdoshlarimizning qadr-qimmatini ulug‘layotgan “Obod xonadon– obod ko‘cha– obod mahalla” mezonlari ham ularning munosib hayot tarzi va farovon kelajagini yaratishga xizmat qilmoqda. Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan yirik hajmdagi ishlar bunga yaqqol dalildir.

Boysun tumanidagi Duoba mahallasi olis va tog‘li hududda joylashgan. E’tibordan biroz chetda qolgan mahallaning “Obod xonado n– obod ko‘cha– obod mahalla” mezonlari asosida yangilanayotgani odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga puhta zamin hozirlayotir.

Tuman markazidan 35-40 kilometr olis tog‘li hududdagi 553 ta oilada 2 ming 519 nafar aholi yashaydi. Bu mahallada shu yil sentyabr oyidan “Obod xonadon–obod ko‘cha– obod mahalla” mezonini joriy etishga kirishildi. Dastlab hududga olib boruvchi 32 kilometr tog‘ yo‘lini ta’mirlash boshlandi. Buning uchun yo‘llar tekislanib, tosh-shag‘al qorishmasi yotqizildi. Yo‘llarning sel zarar keltirgan joylari va qirg‘oqlari mustahkamlanib quvurlar o‘rnatildi, beton ishlari amalga oshirildi. Shu paytgacha faqat “UAZ” yoki yo‘ltanlamas avtomashinalar harakatlangan yo‘lda endi boshqa turdagi yengil avtomashinalarning qatnashi uchun katta imkoniyat yaratildi. Qayroq, Terakli, Duoba, Gumatak qishloqlarining 7 kilometr ichki yo‘llariga tosh-shag‘al yotqizilib, ta’mirlandi.

Bu hududlar bugun ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Albatta, bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Katta mablag‘ va ishchi kuchi sarflanmoqda. Maqsad bitta–aholining tinch, xotirjam va obod turmushini ta’minlash. Shunday ezgu maqsadda Duoba mahallasi ham atroflicha o‘rganilib, amalga oshiriladigan ishlarning “yo‘l xaritasi” belgilab olindi. Shunga muvofiq 17- maktabga 180 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilmoqda. Bundan 42 yil avval qurilib, o‘ta ta’mirtalab holga kelib qolgan “Qo‘rg‘oncha” hududiy bo‘limining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi filiali o‘rniga 50 qatnovli yangi zamonaviy bino barpo etilayotir. Qurilganiga 40 yil bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘inining eski binosi mukammal ta’mirlanib, zamonaviy qiyofada bo‘y ko‘rsatdi. Gumatak qishlog‘idagi 53- maktab hududiga Workaut o‘rnatildi. Pastki Duoba qishlog‘idagi 58- maktab uchun 80 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib, foydalanishga topshirildi.

Mahallada suyultirilgan gaz ballonlarini saqlash uchun servis markazi qurilib, tog‘li qishloqlar aholisini qish faslida gaz ballon bilan ta’minlash bilan bog‘liq katta muammo bartaraf etildi. Gumatak qishlog‘iga o‘rnatilgan quvvati 160 kVali yangi transformator, Qayroq qishlog‘iga o‘rnatilgan 20 dona elektr simyog‘ochi odamlarning elektr ta’minotini yaxshiladi. Aholi xonadonlari tartibga keltirilib, yo‘l yoqasidagi xonadon devorlarini oqlash, fasad qismi hamda hovlilarning sim to‘rlarini yangilash ishlari amalga oshirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va xonadonlari ta’mirtalab 15 xo‘jalikka qurilish materiallari yetkazib berilib, uy-joylarini ta’mirlashga ko‘kmaklashildi. Mahalla hududidagi “Duoba” qabristoni obodonlashtirilib, tobutxona, hovuz va tahoratxona qurildi.

Uzun tumanidagi Yangi yo‘l mahallasida olib borilayotgan ishlar ham ko‘cha va xonadonlar qiyofasini o‘zgartirib, hudud chiroyiga chiroy qo‘shmoqda.
Mahallada 1,5 kilometr yo‘lga asfalt, 0.3 kilometrga shag‘al yotqizildi. Ikkita elektr transformator ta’mirlandi. 90 ta simyog‘och ustun temir-beton ustunga almashtirildi.71 ta tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi. Eskirgan gaz quvurlari ta’mirlandi. Aholiga 55 tonna va ijtimoiy soha ob’ektlariga 90 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Qariyb bir kilometr ichimlik suvi tarmog‘i yangidan tortilib, ichimlik suvi inshooti ta’mirlandi. Saylgoh, Workout maydonchasi, mini stadion barpo etildi. Ko‘cha va ariqlar, qabristonlar obodonlashtirildi. 127 fuqaroning bandligi taminlandi. 4 kishi tadbirkorlik faoliyatini boshladi. 650 metr uzum voish qilindi. Mahallada o‘tkazilayotgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport bellashuvlari ham yoshu keksaga bir olam quvonch ulashayotir.

Bandixon tumanidagi Limonzor mahallasida “Obod xonadon – obod ko‘cha–obod mahalla” mezoni doirasida mahalla idorasi uchun yangi bino qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Uy-joyi ta’mirga muhtoj va o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan 122 oilaning xonadonlari joriy va kapital ta’mirlab berilmoqda. Xonadonlarga 14 tonna ko‘mir yetkazib berildi, 8 kilometr ichki ariq va zovurlar tozalandi. 23 ta ko‘chada tozalash – obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. 2,9 kilometr uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 40 ta simyog‘och ustun beton ustunlarga almashtirildi, 85 ta yangi qo‘shimcha temir-beton ustun o‘rnatildi. Vaqtincha ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanmoqda.
Muzrabot tumanidagi Bog‘i eram, Sho‘rchi tumanidagi Xushchekka mahallalarida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar ham hududlarni yanada ko‘rkam, obod maskanga aylantirib, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga qulay imkoniyatni yuzaga keltirayotir. Bularning barchasi Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan yangi normalar hayotga izchil tadbiq etilayotgani va ijtimoiy adolat tamoyillari joriy qilinayotganining amaldagi ifodasidir.
Abdulhakim Eshmuratov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri.
O‘zA