Surxondaryo I Xalqaro tibbiyot olimpiadasiga mezbonlik qilmoqda
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Termiz –2026” I Xalqaro tibbiyot olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizdagi 50 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi va Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning o‘ndan ziyod tibbiyot muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalarini janubda jamlagan olimpiadaning tantanali ochilish marosimida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti rektori, professor A.Absamatov Yangi O‘zbekistonda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Bunday nufuzli tadbirlar talaba-yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirib, turli mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do‘stlik, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi. Olimpiada ishtirokchilariga omad tiladi.

Marosimda I.K.Axunbayev nomidagi Qirg‘iziston Tibbiyot akademiyasi patologik anatomiya kafedrasi assistenti Aliya Knesheva, Samarqand davlat tibbiyot universiteti fiziologiya fanlar kafedrasi dotsenti Mirza Yusupov va boshqalar “Termiz – 2026” I Xalqaro tibbiyot olimpiadasining sohani rivojlantirishdagi ahamiyati, malakali tibbiy bilim va ko‘nikmaga ega mutaxassislar tayyorlashdagi o‘rni to‘g‘risida fikr almashdi. Shu ma’noda mazkur olimpiada nafaqat talabalar bilimini sinovdan o‘tkazish, balki ilmiy tajriba almashish, akademik hamkorlikni kengaytirish, yosh olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasida yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida 28 ming talaba xalq xo‘jaligining turli sohalari bo‘yicha ta’lim olib, kasb sirlarini chuqur o‘rganmoqda. Ularning to‘rt mingdan ortig‘i tibbiyot fakultetida tahsil olayotir. Bo‘lg‘usi shifokorlarning kasb sirlarini mukammal egallashi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Ular viloyat markazidagi yirik tibbiyot muassasalarida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash uchun ham zarur qulayliklar mavjud.

Olimpiada dasturiga ko‘ra, barcha ishtirokchilar individual tur bahslari boshlanishidan oldin tegishli metodik yo‘riqnomalar bilan tanishtirilgach, xalqaro standartlar asosida jihozlangan maxsus auditoriyalarga taqsimlandi.

Xalqaro olimpiada nizomiga muvofiq bugun ishtirokchi talabalar test sinovlarini topshirmoqda. Keyingi shartlar bo‘yicha og‘zaki savollarga javob beradi. Amaliy va vaziyatli masalalar bo‘yicha o‘z bilim, ko‘nikmasini namoyish etadi. Bu jarayonlarni nufuzli hakamlar hay’ati a’zolari adolat mezonlari asosida ochiq, oshkora baholab boradi.


Olimpiada qatnashchilari uchun qiziqarli madaniy tadbirlar tashkil etish, qadimiy vohadagi tarixiy va arxeologik yodgorliklarga sayohat uyushtirish ham rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri