Surxondaryo – dunyo sayyohlarini maftun etmoqda
Mamlakatimizda hududlarning turistik jozibadorligini oshirish, o‘tmishdan saqlanib qolgan tarixiy-arxeologik yodgorliklar va muqaddas ziyoratgohlarda qulay sharoit yaratish, turistik manzillar infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyati ham uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan tarixiy obidalar, arxeologik yodgorliklar, shifobaxsh buloq suvlari, go‘zal, maftunkor tabiati, tabiiy quyosh nuriga to‘yingan sarxil mevalari bilan nafaqat mahalliy balki, xorijlik sayyohlarni maftun etmoqda. Hakim Termiziy, Iso Termiziy, So‘fi Olloyor, Mavlono Zohid kabi buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan go‘shalar, Sulton Saodat, Kokildor ota, Qirqqiz singari tarixiy obidalar, Dalvarzintepa, Fayoztepa, Qoratepa kabi arxeologik yodgorliklar, Omonxona, Xo‘jaipok, Xo‘jamayxona shifobaxsh suvlari, Sangardak sharsharasi sayyohlar bilan hamisha gavjum maskanga aylanmoqda.
Vohaning ajdodlardan meros qolgan nomoddiy madaniy merosi ham dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Viloyatda tashkil etilayotgan Navro‘z sayllari, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali, turli xalqaro sport musobaqalari, xalqaro anjumanlar ham hududning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib qilishda muhim omil bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda viloyatning turistik oqimi oshib borayotgani sayyohlarga zamonaviy sharoitlar yaratish uchun qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi. Buning uchun turistik obektlarga olib boradigan yo‘l infratuzilmalari yaxshilanib, sayyohlarga xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilayotir. Zamonaviy mehmonxona, xostel va mehmon uylari qad rostlamoqda.

–Turizm voha iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev.– O‘tmishda yashagan ulug‘ ajdodlarimizning xokini ziyorat qilish uchun dunyo musulmonlari hududga talpinayotir. Jahon ahlida tarixi olis o‘tmishga borib taqaladigan arxeologik yodgorliklarni tomosha qilishga ishtiyoq, intilish yil sayin oshib bormoqda. Rang-barang tabiat manzaralari, bog‘-rog‘lari viloyatga kelayotgan mehmonlarga o‘zgacha zavq ulashayotgan bo‘lsa, shifobaxsh buloq suvlari mahalliy va xorijliklarning dardiga darmon bo‘layotir. Bu jarayonda turistlarga mehmonxona, savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirishga alohida e’tibor berib, keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiryapmiz.

Ayni paytda viloyatda sayyohlarga 50 dan ortiq mehmonxona va xostel, 150 ga yaqin mehmon uylari, yo‘l bo‘ylari hamda turistik ob’ektlarda savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari turli xizmatlarini taqdim etmoqda. Milliy hunarmandchilik buyumlari savdosi keng yo‘lga qo‘yilayotir. Prezidentimiz tashabbusi bilan vohaga chegaradosh qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi chegara-o‘tish postlari qayta ochilib, munosabatlar tubdan yaxshilangani ham viloyatda turizmning keng rivojlanishiga xizmat qilayotir. Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra joriy yilning o‘tgan davrida vohaga dunyoning 80 dan ortiq davlatidan 100 mingdan ziyod turist kelgan.

Turkiyadan 500 ga yaqin, Amerika va Buyuk Britaniyaning har biridan yuzdan ortiq, Rossiyadan 700 ga yaqin, Qozog‘istondan 462, Xitoydan qariyb 200, Hindistondan 132 mehmon voha tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlari va go‘zal tabiat manzaralari bilan tanishgan. Tojikiston chegarasi orqali 1,5 mingga yaqin, Afg‘onistondan mingga yaqin sayyoh viloyatga o‘tgan. Shuningdek, qadimiy viloyatni miriqib tomosha qilish uchun kelayotgan xorijlik turistlar uchun Surxon vohasi yon qo‘shni Tojikiston Respublikasi bo‘ylab sayohat qilishga eng qulay ko‘prik vazifasini ham o‘tayotir.

–Surxondaryo uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari bilan bizda boy taassurot uyg‘otdi, – deydi germaniyalik sayyoh Volfrang Gertrud. – Odamlari samimiy va mehmondo‘st, tabiati go‘zal bu yurtdagi tinch, farovon hayotga havas bilan boqdik. Safarimiz chog‘ida Tojikistonga ham sayohatga borishni rejalashtirgan edik. Bu yo‘nalishda eng maqbul yo‘lni tanlash uchun Termiz shahrida xizmat olib borayotgan ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha xodimlaridan maslahat so‘radik. Ular yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, bizning qo‘shni davlatga poyezdda yetib olishimiz uchun bilet xarid qilishimizga ham yaqindan ko‘maklashdi. Sayyohlarga yaratilgan sharoitlar va bizga ko‘rsatilgan yordamdan mamnun bo‘ldik.
Mutaxassislarning aytishicha, endilikda jahonning Bolgariya, Braziliya, Vetnam, Eron, Pokiston, Fransiya, Shveysariya, Singapur, Yaponiya singari davlatlari sayyohlari ham viloyatga katta qiziqish bildirmoqda. Ular nafaqat vohaning tarixiy-me’moriy obidalari, arxeologik yodgorliklari balki, nafis hunarmandlik san’ati bilan tanishish, ularni o‘rganish va mamlakatda keng targ‘ib qilish uchun ham bu yurtga talpinmoqda.

Masalan, yaqindan yaponiyalik sayyohlar Boysun tumaniga kelib, tog‘lar qo‘ynidagi qadimiy bu go‘sha hunarmandlari bilan uchrashdi. Qo‘li gul hunarmand ayollar bilan dildan suhbatlashib, ularning noyob hunarmandlik buyumlari bilan tanishdi. Sir-asrorlarini o‘rgandi.
–Boysunlik xotin-qizlarning aql-zakovati va qo‘l mehnati bilan tikilgan bu buyumlar har qanday kishiga manzur bo‘ladi,–deydi yaponiyalik Yoshiko Kavabata. –Tabiiy ranglarda jilo berilgan nafis buyumlarning har birida o‘tmish va kelajak, tabiat go‘zalliklari va odamlarning samimiy tuyg‘ulari o‘z ifodasini topgan. Bunday uyg‘unlik insonga beixtiyor quvonch ulashadi.

Qo‘lda tikilgan so‘zana, milliy kiyimlar va qo‘lda to‘qilgan milliy matolar bizga juda manzur bo‘ldi. Ajdodlari kasbini davom ettirib kelayotgan hunarmandlarning bu mehnatlaridan zavqlanib, kelgusida biz Tokioda Boysun so‘zanachiligi kunlarini o‘tkazishni rejalashtirib oldik. Xullas, bizni bu yurtning tarixiy obidalari, go‘zal tabiati, qo‘li gul hunarmandlari o‘ziga maftun etdi.

Qadimiy va hamisha navqiron Surxondaryo viloyatiga sayyoramizning turli davlatlaridan kelgan sayyohlar aytayotgan bunday samimiy fikrlar ham keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni yangi bosqichda rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi samarasidir.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri