Surxondaryo delegatsiyasi Xitoyda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq Pekin shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Viloyat delegatsiyasi safarining dastlabki kunida 9 ta kompaniya prezidentlari hamda vakillari bilan uchrashdi.

Muzokaralarda yer osti boyliklarini qazib olish va qayta ishlash, “Siti” qurish, sog‘liqni saqlash va muqobil energiya sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, davlat-xususiy sherikchilik asosida “M-41” xalqaro magistral avtomobil yo‘li hamda “Amuzang-1” va “Amuzang-2” kanallarini ta’mirlash, oqova suv tizimlarini yaxshilash, infratuzilma ob’ektlarini qurish loyihalarini amalga oshirishga kelishildi. “Urumchi-Termiz” savdo uyini, logistika markazini tashkil etish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, chigit urug‘chiligini rivojlantirish, metallni qayta ishlash kabi yirik loyihalar yuzasidan kelishuvga erishilib, shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Viloyat delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga safari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri