Suriyadan olib kelinganlarga guvohnomalar topshirildi
Xabaringiz bor aprel oyida “Mehr-5” operatsiyasida 93 nafar o‘zbekistonlik — 24 nafar ayol va 69 nafar bolalar Suriyadan Toshkentga olib kelingan edi.
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, ma’lum muddat ayollar va bolalar Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriysiga joylashtirilib, ularga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.

Kuni kecha Chirchiq shahrida “Mehr – 5” operatsiyasida olib kelingan bolalarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda kechirimlilik, afv etish, adashgan kishilarning to‘g‘ri yo‘lga tushib ketishiga imkon berishdek ezgu ishlar muntazam amalga oshirilmoqda. Chirchiq shahar IIB va Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan 45 nafar bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar rasmiylashtirilib, tantanali ravishda topshirildi. Qolgan 24 nafar bolaga esa boshqa viloyatlardan takroriy guvohnomalar olishi ta’minlandi.
A.Musayev, O‘zA,