Suriyada siyosiy jarayon qachon yakunlanadi?
Xalqaro jamoatchilik Suriyada Bashar al-Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng o‘lkaning siyosiy o‘tish jarayonini xavotir bilan kuzatib bormoqda. Zero, kuch bilan ag‘darilgan har qanday hokimiyatning keyingi taqdiri silliq kechmaganiga tarixda misollar ko‘p. Binobarin, Suriyadagi ahvol ham bundan mustasno emas.
– Mamlakatda siyosiy jarayonlar yana olti oyga cho‘zilishi mumkin, -deydi Suriyaning ma’muriy rivojlanish vaziri Salom Safaf “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
Vazir yuzaga kelgan vaziyatga baho berar ekan, Halab va Xamadagi ayrim muassasalar o‘z ishini tiklaganini aytdi. Shuningdek, u Damashqdagi vaziyat ham tinchlanib, nazorat ostida bo‘lishiga umid bildirgan.
Yangi hukumat aholini ro‘yxatga olish ishlarini olib boradi

Suriyaning yangi ma’muriyati o‘tish jarayonidan so‘ng aholini ro‘yxatga olish, yangi konstitutsiya yaratish va erkin saylovlar o‘tkazishni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni e’lon qiladi, deb yozdi Turkiyaning “Hürriyet” gazetasi o‘z manbalariga tayanib.
– Endi yangi Suriyani qurish vaqti keldi, muvaqqat ma’muriyat tuzilgandan so‘ng, yangi konstitutsiya yaratiladi, aholini ro‘yxatga olish va erkin saylovlar tashkil etiladi, -deb yozadi nashr.
Suriya davlat bayrog‘i o‘zgardi

“RIA Novosti” tarqatgan xabarga ko‘ra, Suriyaning Madriddagi elchixonasi eski davlat bayroqlarini yangi yashil-oq-qora bayroqlarga almashtirgan.
“Retiro” markaziy bog‘i yaqinida joylashgan elchixona hovlisida uchta qizil yulduzli yashil, oq va qora bayroq osilgan.
– Afsuski, diplomatik missiya telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermayapti, rasmiy veb-sayt ham hozircha ishlamayapti, deyiladi xabarda.
Asad rejimining qulashiga sabablar yetarli

Suriya yetakchisi Bashar al-Asad isyonchilar hujumidan bir necha hafta oldin dunyoning qudratli davlatlari, jumladan, Qo‘shma Shtatlar tomonidan ilgari surilgan ko‘plab takliflarni rad etdi, deb yozdi “Washington Post” mahalliy tahlilchilarga tayanib.
– Ba’zi maslahatchilar Asadga AQSH tomonidan sanksiyalar bekor qilinishi evaziga Eron bilan munosabatlarni uzish to‘g‘risidagi taklifini qabul qilishni tavsiya qilgan, -dedi suriyalik sobiq diplomat Bassam Barabandi.
Siyosiy ekspertlar fikricha, Asad rejimining eng qaltis xatosi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning Suriyada vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan g‘oyalarini rad etgani bo‘lgan.
Mazkur g‘oyalar Asadning kurd kuchlarini tiyib turishi, suriyalik muxolifatchilar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish va millionlab suriyalik qochqinlarning hech bo‘lmaganda bir qismini yurtiga qaytarish evaziga Damashq bilan munosabatlarni yaxshilashdan iborat bo‘lgan.
Erdo‘g‘on Asadni Suriyadan qochganlikda aybladi

Turkiya rahbari dushanba kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng xalqqa murojaatida “Asad Suriyadan qochib, ko‘plab shaharlarni vayronaga aylantirdi” dedi.
– Biz Suriyada tinchlik, erkinlik va adolat tarafdori edik, ag‘darilgan rejimning dushmanona munosabatiga qaramay, har qanday sharoitda Suriyaning hududiy yaxlitligi va unitar tuzilishini himoya qildik. Biz shuningdek, adolatsizlik, noqonuniylik, zulm va ta’qiblarga qarshi ovozimizni baland ko‘tarishdan hech qachon tortinmaganmiz, -deya qo‘shimcha qilgan Erdog‘an.
Turkiya yetakchisi yangi Suriyani qayta qurish jarayonida yon qo‘shnisini yolg‘iz tashlab qo‘ymasligini bildirdi.
– Suriya xalqi! Sizlar bu shonli g‘alabaning haqiqiy egalarisiz. Sizlarni o‘z mamlakatim va xalqim nomidan hurmat bilan qutlayman, g‘alaba muborak, -degan Turkiya rahbari o‘z murojaatida.
So‘nggi tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, Suriya fuqarolari non, benzin va gazni arzon narxlarda sotib olishlari mumkin bo‘lgan bank kartalari o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Avvalgi hukumat davrida mamlakatda virtual davlat kartalari amalda bo‘lgan. Aholi SMS xabarlar olish orqali ma’lum miqdorda non, yoqilg‘i, shuningdek, maishiy ehtiyojlar uchun gaz ballonini xarid qilishlari mumkin edi.
Said Murod Rahim tayyorladi.
O‘zA