Suriya uchun 5,5 milliard yevro va’da qilindi
Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa o‘nlab davlatlar Suriyaga rekonstruksiya uchun besh yarim milliard yevro mablag‘ ajratishini ma’lum qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad mamlakat urush natijasida duch kelgan gumanitar va iqtisodiy inqirozni bartaraf etish, qochqinlarni qabul qilayotgan qo‘shni davlatlarga yordam berishdan iborat.
Kelishuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti va YeI tomonidan o‘tkazilgan yillik konferensiyaning so‘nggi kunida amalga oshirildi. Yig‘ilishda Suriya bilan bog‘liq mojaro hech qanday siyosiy yechimsiz 11 yildan buyon davom etib, borgan sari xavfli tus olayotgani qayd etildi. Ishtirokchilar holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirishdi va yakunda bir qarorga kelishdi.
YeI Inqirozlarni boshqarish bo‘yicha komissari Yanez Lenarchichning bayonotiga ko‘ra, Suriyaga ko‘mak uchun alohida grantlardan tashqari, moliya institutlari va donorlardan 6 milliard yevro miqdorida qarz olinadi. Joriy yilda 3,7 milliard yevro ajratilishi kerakligi e’lon qilindi.
«Suriyaliklar tinchlik, erkinlik, adolat va iqtisodiy istiqbol istab ko‘chalarga chiqqaniga o‘n yildan oshdi. Afsuski, bu talablar hanuz qondirilmagan, mamlakat tartibsizlik girdobida», – deydi YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.
Anjumanda BMT Suriyaga 4 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ zarurligini ta’kidladi. Vatanidan chiqib ketgan 6 millionga yaqin suriyalik uchun yana 5,8 milliard dollar so‘ralgan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 13 milliondan ziyod kishi, ya’ni urushgacha bo‘lgan aholining yarmidan ko‘pi yordamga muhtoj. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ortgan.