Sunnat to‘yi “Uch avlod uchrashuvi” ga ulandi
Buxoro viloyati Kogon tumanida istiqomat qiluvchi 15 nafar ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi oilalar farzandlarining sunnat to‘ylari hamda “Uch avlod uchrashuvi” hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimligi, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, nuroniylar hamda to‘y bolalarning ota-onalari va yaqinlari qatnashdi.

Dastlab tantanali tadbirda tuman hokimi Muhiddin Esanov barchani mustaqilligimizning 32 yilligi bilan muborakbod etdi. Yurtimizda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy ro‘yxatlardagi fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek to‘y bolalar kelajakda Vatanimiz rivoji uchun xizmat qiladigan komil shaxs bo‘lib kamol topishlari, Vataniga sadoqatli, ziyoli insonlar bo‘lishiga ishonch bildirdi.

So‘ngra bolajonlarga tashkilotchilar tomonidan bosh-oyoq sarpo va zar choponlar kiydirildi. Velosipedlar sovg‘a tariqasida taqdim etildi. Nuroniylar el-yurtga tinchlik-xotirjamlik, Vatan obodligi, xalqimiz farovonligini tilab duo qildi.

Tadbir fayzli va to‘kin dasturxon atrofida, bir piyola choy ustida davom etdi. Milliy taom osh tortildi. Tuman madaniyat bo‘limi badiiy havaskorlar jamoasi o‘z dasturi va sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiq va raqslari bilan barchani xushnud qildi.
Zarif Komilov, O‘zA