Sug‘urta to‘lovi elektron shaklda
“O‘zbekinvest” milliy eksport-import sug‘urta kompaniyasida “Sug‘urta xizmati to‘lovining elektron usullarini joriy etish” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekinvest” milliy eksport-import sug‘urta kompaniyasida “Sug‘urta xizmati to‘lovining elektron usullarini joriy etish” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekinvest” kompaniyasi bosh direktori F.Saidahmedov va boshqalar sug‘urta xizmatlaridan foydalanish va bunday xizmatlarni tezkor amalga oshirishni ta’minlashni yanada yaxshilash doimiy e’tiborda ekani, kompaniya mamlakatimizning turli hududlarida yangi bo‘limlar ochib, sug‘urta polislarini sotish punktlari tashkil etayotgani va ularni zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlayotganini ta’kidladi.
Jamiyatning barcha jabhalarida bo‘lganidek, iqtisodiyot sohasida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, aholi va mijozlarga qulaylik yaratish, sifatli va zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatish uchun ko‘plab xizmatlar elektron shaklga o‘tkazilmoqda. «Elektron to‘lovlar to‘g‘risida»gi, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunlar bu jarayonda davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir.
Prezidentimizning 2014-yil 3-apreldagi «Iqtisodiyotning real sektorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish choralari to‘g‘risida»gi qarori elektron savdo va elektron xizmatlar rivojlanishiga ko‘maklashib, masofa va vaqtni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
«O‘zbekinvest» kompaniyasida internet tarmog‘i orqali sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yangi usullarni joriy etish, xizmatlar sifatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Yangi loyiha bir nechta elektron to‘lov tizimi orqali mijozlarga elektron xizmat ko‘rsatish imkonini beradi, – deydi kompaniya axborot xizmati mutaxassisi Ortiqxo‘ja Norov. – Ishlab chiqilgan tizim mijozlarning kompaniya veb-saytidagi shaxsiy kabinetda ro‘yxatdan o‘tishidan tortib kerakli sug‘urta turini tanlash, elektron to‘lov turlaridan biri bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish hamda polisning tayyor bo‘lishiga qadar bosqichma-bosqich jarayon haqida SMS-xabardor qilishni ham o‘z ichiga olgan.
Endilikda kompaniya ko‘rsatilayotgan xizmatlar, taqdim etilayotgan sug‘urta mahsulotlari uchun elektron to‘lovlarni qabul qilish maqsadida UzCard, Click, Sms-to'lov, Websum kabi to‘lov tizimlariga ulangani bilan ahamiyatlidir. Ushbu to‘lov tizimidan foydalanish mijozlar uchun bepul va amalga oshirilgan to‘lovlar uchun komission haq olinmaydi.
Bugungi kunda «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish», «Garovga qo‘yilgan avtotransport vositalarini sug‘urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug‘urta qilish», «Oilaviy tibbiy sug‘urta», «Garovga qo‘yilgan mulkni sug‘urtalash», «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish», «Ixtiyoriy mulk sug‘urtasi» kabi o‘ndan ortiq sug‘urta turlarini kompaniya veb-sayti orqali elektron to‘lov tizimlari yordamida xarid qilish mumkin.
Taqdimotda «O‘zbekinvest» kompaniyasida joriy etilgan elektron tizim mijozlarga qulaylik yaratish, ularning vaqtini tejash, xizmatlarning geografik qamrovini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.