Sugʻurta eng maqbul himoyadir
Bugungi bozor iqtisodiyotida kutilayotgan xatarlarni himoyalashning eng maqbul usuli sugʻurtadir. Shuning uchun ham ayrim faoliyat turlarini majburiy shaklda amalga oshirish moliyaviy zararlarni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Milliy matbuot markazida “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida asosiy eʼtibor mamlakatimiz milliy sugʻurta bozorini rivojlantirish, aholining mazkur moliyaviy xizmat turlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash va jamiyatda sugʻurta madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Bugungi bozor iqtisodiyotida kutilayotgan xatarlarni himoyalashning eng maqbul usuli sugʻurtadir. Shuning uchun ham ayrim faoliyat turlarini majburiy shaklda amalga oshirish moliyaviy zararlarni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.
“Oʻzagrosugʻurta” AJ Majburiy sugʻurta departamenti bosh menedjeri Sanjar Saidahmedovning maʼlum qilishicha, keyingi yillarda majburiy sugʻurta turlari boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlarning hajmi ortib bormoqda. Xususan, 2019-yilning yarmida majburiy sugʻurta turlari boʻyicha 33,4 milliard soʻm yigʻildi. Shu bilan birga mijozlarga 6,7 milliard soʻm sugʻurta tovoni toʻlab berildi. Aksariyat sugʻurta shartnomalari amalda boʻlib, yil davomida shartnomalarda belgilangan majburiyatlar ijrosi taʼminlanadi.
“Oʻzagrosugʻurta” AJ tomonidan ish beruvchilar, transport vositalari egalari va tashuvchilarning fuqarolik javobgarligi, shuningdek, qurilish-montaj ishlari vaqtidagi xatarlar, xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga va atrof muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta qilinmoqda. Bundan tashqari, qutqaruv xizmatlari va tuzilmalarining qutqaruvchilari, shu bilan birga vakolatli sud organlarida faoliyat yuritayotgan sudyalarning hayoti va sogʻligʻini davlat tomonidan majburiy sugʻurta qilish boʻyicha shartnomalar tuzilmoqda.
“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ijrosini taʼminlash borasida jamiyat tomonidan 2019-yilning birinchi yarmida 16 milliard 917 million soʻmdan ortiq sugʻurta mukofoti tushumi taʼminlangan boʻlsa, 2,9 milliard soʻmlik sugʻurta tovoni toʻlab berildi. Bu esa fuqarolarning sogʻligʻi, hayoti hamda mulkiy manfaatlariga yetkazilgan zararni qoplash borasidagi natijalar nisbatan ijobiy tomonga siljiganligidan dalolat beradi.
Tadbirda mutaxassislar “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni mamlakatimiz aholisining mehnat huquqlarini himoyalash, ularning ijtimoiy muhofazasini taʼminlash borasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim omil boʻlayotganini alohida qayd etdi. Mazkur qonunga koʻra, ishlab chiqarish bilan bogʻliq baxtsiz hodisa xodimning nogironligiga yoki vafot etishiga sabab boʻlsa, jabrlanuvchi yoki vafot etgan xodim qaramogʻidagi mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolariga bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi. Shuningdek, voyaga yetmagan bolalariga va boshqa zararni undirish huquqiga ega shaxslarga maʼlum muddat davomida har oylik toʻlovlar amalga oshiriladi.