Sudyalarni qanday muammolar o‘ylantirmoqda?
Xonadonga kelin tushar ekan, unga eng yaxshi narsalar tuhfa etiladi, eng chiroyli xonalar ajratiladi.
Ayniqsa, kelin taraf uyni bezatishi kerak bo‘lsa, xonalarning eng kattasi, hatto umumiy foydalaniladigan joylar ham “kelinniki”ga aylanadi.
Agar kelin biror sabab bo‘lib ajrashsa-yu, bolalari bilan uni sud orqali “uyga kiritish” masalasi ko‘rib chiqilsachi?
Bunday vaziyatda esa uydagi yashash uchun eng noqulay, ayniqsa, hovlilarda esa eng chekkadagi xona ko‘rsatiladi. Kelinning orqasida shu xonadonning ertasi, avlod davomchisi bo‘lgan farzandlari bo‘lsa ham.
Insof degan yuksak tushuncha, azaliy qadriyat unutilib borayotgani oqibati bu!
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda uchrayotgan bu holat sudyalarni ham o‘yga toldirmoqda. Chunki ajrashgan ayolni uyga kiritish masalasi ko‘rilar ekan, qonunchilikda uni uyning qanday xonasiga kiritish yoki o‘zi kelin bo‘lib tushganda berilgan xonalarini ajratib berish bo‘yicha me’yor yo‘q. Faqat ayol avval yashagan, farzandlar ko‘rgan xonadonga kiritilishiga huquqi borligi mavjud, xolos.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi raisining o‘rinbosari Olimjon Ismoilov aynan shu muammo haqida so‘z yuritar ekan, bu ayollar, ayniqsa, bolalar huquqlari bilan bog‘liq ekani, ularning yashash sharoiti muhim masala ekaniga e’tibor qaratdi. Shu bois bu borada qonunchilikdagi bo‘shliqni to‘ldirish zarurligini ta’kidladi.
Bu fikrlar Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan Sudyalar klubi onlayn-forumida muhokama etildi.
Majlisda Sudyalar kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, Oliy sud raisining o‘rinbosari Xalilullo To‘raxo‘jayev, sudyalar bevosita, hududlardagi sudyalar esa onlayn ishtirok etdi.
O‘zaro ochiq muloqot asnosida fuqarolik ishlarini sudlarda ko‘rish jarayonida uchrayotgan muammolar o‘rtaga tashlandi. Ularning yechimlari haqida fikrlashildi.
Aytib o‘tish kerakki, davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan Sudyalar klubi jamoatchilik asosida faoliyat yuritmoqda.
Tuzilma moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish berib kelmoqda.
Sudyalar klubining asosiy ishlash platformasi uning onlayn forumi bo‘lib, bu respublikamizdagi barcha sudyalarga o‘zaro muloqot qilish imkonini beradi.
Tadbirda aytildiki, o‘tgan vaqt davomida onlayn forumda fuqarolik ishlari bo‘yicha sud amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari, kazuslar va tushuntirishlar bo‘yicha 253 mavzu muhokama qilindi.
Muhokamalarda asosan mehnat, mulk va uy-joy, shuningdek, aliment, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirishga oid nizolarni ko‘rib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning huquqiy yechimlari, bu borada Oliy sud plenumi qarori shaklida rahbariy tushuntirishlarga bo‘lgan ehtiyoj va qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar o‘rtaga tashlanmoqda.
Oliy sud raisining o‘rinbosari X.To‘raxo‘jayev muammoli masalallar yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ish olib borilishini qayd etdi. Lekin sudyalar o‘z ustida ishlab, qonunchilikdan chuqur xabardor bo‘lish, hamkasblari bilan fikr almashib, to‘g‘ri qaror qabul qilishga intilishi zarur. Shu maqsadda “Sudyalar forumi”ga har bir sudya kirib, tajriba almashsa, yaxshi bilmagan masalalarini o‘rtaga tashlasa, uning yechimini tezroq topadi.
Amaliyotda esa ayrim sudyalar biror masalaning to‘g‘ri yechimini topa olmasa, shunday yo‘l tutish o‘rniga ishni paysalga solib yurishi uchrab turadi. Bu esa sudga ishi tushgan kishilarni kuttirib, vaqtini o‘g‘irlash, ularni qiyin ahvolga tushirish, demakdir.
Bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik uchun “Sudyalar reytingi” shakllantiriladi. Bu reytingda qaysi sudya qanday ishlayotgani oynadek ko‘rinib turadi.
Sudyalar Oliy kengashi raisi X.Yodgorov “Sudyalar reytingi”ni tuzish dolzarb masala ekaniniga e’tibor qaratib, samarali ishlayotgan, chiqarayotgan qarorlari bekor bo‘lmayotgan fidoiy sudyalarni rag‘batlantirishda bu muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Bu jarayonda sudyalarning faqat ko‘rayotgan ishlari emas, balki faolligi, sudyalar forumida tajribalari bilan o‘rtoqlashib, boshqalarga ham yordam bera olishi, jamiyatda tutgan o‘rni va obro‘si ham e’tiborga olinadi. Har tomonlama ibratli sudyalarga “Ibratli sudya” kabi maqomlar beriladi. Sudyalarni taqdirlash, davlat mukofotiga tavsiya qilishda ham bu reyting muhim rol o‘ynaydi. Hozirgi kunda sudyalarning mana shunday faol ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Shunday bir paytda xatolarga yo‘l qo‘yish, ayniqsa, halollikdan chekinish kechirilmaydigan holdir. Sir emas, sudlardan norozi odamlar uchrab turibdi. Bunga sudyalarning chiqargan qarori to‘laqonli asoslantirib berilmayotgani yoki o‘sha qaror tomonlarga yetarlicha tushuntirib berilmayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Shu kabi kamchiliklarni barataraf etish, sudning nufuzini tushiradigan ishlarga barham berish zarur.
Tadbirda sudyalar daxlsizligi ta’minlanishining samarali mexanizmlari, Odob-axlok kodeksiga qo‘shimcha va tushuntirishlar berish zaruriyati yuzasidan mulohazalar bildirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA