Sudyalar yoshlar bilan ochiq muloqot qildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani hokimligining majlislar zalida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi A. Saliyev hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtako‘pir tumani sudining tergov sudyasi F. Ibragimovlar yoshlar bilan bevosita muloqot qilishdi.

Uchrashuv davomida sudyalar 2025 yil 3 yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori, 2025 yil 11 mart kuni qabul qilingan “Xalqqa sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etish uchun qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun, shuningdek, joriy iyl 21 avgustda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatini yoshlarga tushuntirib berdi.

Ta’kidlanganidek, yoshlar mamlakatimiz kelajagi, taraqqiyot va islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Ular huquqiy bilimli, qonunlarni to‘g‘ri anglaydigan va o‘z haq-huquqlarini himoya qila oladigan shaxs sifatida tarbiyalanishi jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois yurtimizda turli hududlarda yoshlar bilan huquqiy mazmundagi ochiq muloqotlar, uchrashuv va davra suhbatlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday tadbirlar orqali yoshlar huquq-tartibot sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishish, huquqiy savodxonliklarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Tadbirda tergov sudyasi F. Ibragimov tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ham alohida ta’kidlab o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan javobgarlik choralari misollar bilan tushuntirildi.
Xususan, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, tabiatga katta zarar yetkazish, noqonuniy ov qilish, noqonuniy daraxt kesish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash yoki atmosferaga me’yordan ortiq zararli moddalar chiqarish holatlarida yirik miqdorda jarima, ma’lum muddatga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda esa tabiatga zarar yetkazishning yengil holatlari uchun ma’muriy jarimalar, qonunbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish majburiyati va boshqa ta’sir choralari nazarda tutilgan.
Qayd etildiki, atrof-muhitni muhofaza qilish – har bir fuqaroning burchi bo‘lib, qonun buzilishi holatida jazo muqarrar hisoblanadi.
Tadbir davomida yoshlar sud tizimi faoliyati, huquqiy jarayonlar va yangi islohotlarga oid savollariga javob olish imkoniga ega bo‘ldilar. Uchrashuv nafaqat huquqiy savodxonlikni oshirish, balki yoshlarda qonunlarga hurmat, adolat va mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qildi.
“Sudya va yoshlar” uchrashuvi yoshlarning huquqiy ong va madaniyatini yuksaltirish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda sud tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, shu orqali yoshlar davlatimizda olib borilayotgan huquqiy islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA