Sudyalar faoliyati xalqaro tashkilotlar e’tiborida
Urganch shahrida Xorazm viloyat sudi sudyalari uchun tizimdagi yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish va mavjud muammolarni birgalikda muhokama qilib, yechimini topish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
“Qonunchilikdagi yangiliklar va dolzarb masalalar” mavzusidagi seminar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi hamkorligida BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasi asosida tashkil etildi. Unda xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakillari, Xorazm viloyat sudi raisi, sudya va xodimlar ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda Respublikamizda sud-huquq tizimidagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar orqali odil sudlovni amalga oshirish jarayonini yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Ma’ruzachilar sud ishlarini yuritish sohasidagi qonunchilik va sud qarorlarini qayta ko‘rish institutlaridagi yangiliklar va protsessual kodekslarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha taqdimot qildi.
Seminarning ochiq muloqot tarzida o‘tgani tizimdagi yangiliklarni sudyalar faoliyatida qo‘llayotgan tajribalarini hamkasblari bilan o‘rtoqlashishga imkon berdi.
Ishtirokchilar jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni oshirishga, sud haqida jamoatchilikda ijobiy ijtimoiy fikr shakllanishiga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan Sudyalar klubining onlayn forumi mavzulari bilan ham tanishtirildi.
Seminar yakunida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning O‘zbekistonga 2019 yilgi tashrifi yakunlari haqidagi ma’ruzasida qayd etilgan tavsiyalar va ularni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA