Sudlarda komplayens nazorati kuchaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, sudlar faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xodimlarning kasbiy mas’uliyatini yuksaltirish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Bu borada nafaqat sudyalarning, balki qariyb 4,8 ming nafarga yaqin sud apparati xodimlarining halol va pok faoliyat yuritishi ham doimiy e’tiborda bo‘lishi lozim.
Shu munosabat bilan taqdimotda sudlarda komplayens nazoratini kuchaytirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmatini tashkil etish taklif etildi.
Mazkur xizmat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunib, hududiy sudlarda ham faoliyat olib boruvchi komplayens inspektorlaridan iborat bo‘ladi.
Komplayens xizmati korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va oldini olish, ularning sabablarini bartaraf etish, xodimlar tomonidan qonunchilik va kasb etikasi talablariga rioya etilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.
Taqdimot davomida sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qator boshqa choralar ham muhokama qilindi. Xususan, sudlar apparatida xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanadi, xavf darajasi yuqori jarayonlarni raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish choralari ko‘riladi.
Sudyalar uchun manfaatlar to‘qnashuvi, daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini taqdim etish hamda tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimi ishga tushiriladi. Xuddi shunday tizim sud apparati xodimlari uchun ham joriy etiladi.
Shuningdek, korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi xavflarni aniqlashga qaratilgan elektron axborot tizimlari ishga tushiriladi. Bu borada korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish, fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

2026-yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik bo‘yicha diagnostika o‘tkaziladi. Sudyalikka nomzodlarni tayyorlash jarayonida ularning shaxsiy-professional va korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash amaliyoti ham joriy etiladi.
Sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturi takomillashtirilib, ishlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mezonlari aniq belgilanadi, jarayon shaffofligi ta’minlanadi.
Sud apparatiga ishga qabul qilish tizimi ham tubdan yangilanadi. U ochiq tanlov, shaffof tartib-taomillar va meritokratiya tamoyillari asosida tashkil etiladi. Nomzodlarning kasbiy, ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini baholashning zamonaviy tizimi joriy qilinadi.
Xodimlar uchun manfaatlar to‘qnashuviga olib keluvchi faoliyat va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, chet elda hisobvaraq ochish kabi cheklovlar nazarda tutiladi.
Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Bu xodimlar mas’uliyati, xizmat intizomi va etika madaniyatini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari sud tizimida shaffoflik, halollik va adolat muhitini mustahkamlash aholining sud himoyasiga bo‘lgan ishonchini oshirishning muhim omili ekanini, takliflarni puxta ishlab chiqish, komplayens xizmatiga malakali kadrlarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.