Sudlar korrupsiyadan xoli tizimga aylanadi
Surxondaryo viloyat sudida Prezidentimiz raisligida joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tumanlararo, tuman, shahar sudlari sudyalari va xodimlari videokonferensaloqa shaklida ishtirok etgan yig‘ilishda viloyat sudi raisi Ablqosim Ro‘ziqulov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati, maqsadi va jamiyatimizni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Huquqiy, demokratik davlat barpo etilayotgan mamlakatimizda bu illatga chek qo‘yish qonun ustuvorligi va barchaning tengligi hamda hisobdorligini, davlatning rivojlanganlik darajasini belgilab berishda muhim omil bo‘lishini qayd etdi. Bu jarayon sudlarni chinakam “adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirish va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilishda sudyalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini ta’kidladi.



Yig‘ilishda korrupsiyaning oldini olish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi. Unga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri