Sudda matbuot anjumani va ochiq eshiklar kuni
Jizzax viloyati sudlari tomonidan 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani hamda ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilariga dastlab Jizzax viloyat sudi faoliyati to‘g‘risida videorolik namoyish etildi.
Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov sud tizimidagi o‘zgarishlar hamda 2024 yilda viloyat sudi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida yig‘ilganlarga atroflicha axborot berdi. Voha sudlari tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Jizzax viloyat sudlari: tarix, taraqqiyot, bugun” nomli kitobining yaratilish tarixi hamda uning mazmun-mohiyati haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Jizzax viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonovning 2024 yil davomida ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar haqidagi axboroti tinglandi.
– O‘tgan yil davomida viloyat ma’muriy sudi tomonidan ko‘rilgan ishlarning 216 tasini yer bilan bog‘liq masalalar tashkil etadi, – dedi Sarvarbek Rahmonov o‘z chiqishida. – Ushbu ishlarning 109 tasi qanoatlantirilgan, 87 tasi rad etilgan, 4 tasi ish yuritishdan tugatilib, 16 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. Ana shu ishlar bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan viloyat, tuman, shahar hokimliklariga nisbatan 105 ta xususiy ajrimlar chiqarilib, muhokama qilish va tegishli choralar belgilash uchun yuborilgan.
Matbuot anjumani davomida ishtirokchilar Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Rahmatilla Orziqulov, viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Jamol Qahhorov hamda viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Nodirjon Rasulovlarning 2024 yil davomida o‘zlari rahbarlik qilayotgan sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlari bo‘yicha hisobotlarini tingladi.
[gallery-21226]
Anjuman ochiq muloqot tarzida o‘tib, tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.
Tadbir oxirida media vakillari uchun Jizzax viloyat sudida ochiq eshiklar kuni tashkil etilib, ishtirokchilar viloyat sudi bo‘limlarining faoliyati hamda sud jarayonlari o‘tadigan sud zallari bilan atroflicha tanishtirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari