Sud xodimlari sportda bahslashdi
Jizzax viloyati sudlari sudya va xodimlari o‘rtasida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab sportning shaxmat va stol tennisi turlari bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalar qizg‘in o‘tdi.
Sport insonlar hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, sportning shaxmat va stol tennisi yosh ham, kasb ham, jins ham tanlamaydi. Shu bois viloyat sudlari tomonidan respublikamizda keng nishonalanayotgan milliy bayramlarimizga bag‘ishlab sportning aynan shu turlari bo‘yicha bellashuvlar uyushtirish an’anaga aylanib qolgan.

–Aql gimnastikasi nomini olgan shaxmat bahslari diqqatni jamlashda, xotirani rivojlantirish va mustahkamlashda yordam bersa, sportning stol tennisi turi bilan shug‘ullanish esa inson tanasini chiniqtirib, qon aylanishini yaxshilaydi, ko‘zni ravshan qiladi, kishida tezkor va aniq qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantiradi, – deydi Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov. – Ushbu har ikkala sport turining sud tizimi xodimlari faoliyatida o‘rni sezilarli darajada foydali bo‘lgani uchun ham ana shu sport turlari tanlangan.

Navro‘zga bag‘ishlab o‘tkazilgan shaxmat bahsida 1-o‘rin Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining arxivariusi Sirojiddin Hamdamovga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi sudya yordamchisi Javohir Qilichev hamda uchinchi o‘rinni viloyat sudi sudyasi Shuhrat Mullajonov egalladi.

O‘tkazilgan stol tennisi bellashuvlarida viloyat sudining sudya katta yordamchisi Anvarjon Abdimo‘minovga teng keladigan raqib topilmadi.
Bellashuvda ikkinchi o‘ringa viloyat sudining sudya katta yordamchisi Nurzod Jo‘rayev, uchini o‘ringa esa viloyat sudining bosh konsultanti Namozboy Muxtorov sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari