SUD TIZIMIDA AYOL RAHBARLARNING O‘RNI
O‘zbekiston taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi bir tizim yaratildi.
Yangi jamiyat uchun muhim normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda gender tengligi masalasi bo‘yicha yangicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi sud organlarida ham gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning odil sudlovni amalga oshirish jarayonidagi o‘rnini yanada mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tizimdagi ushbu islohotlar o‘zining aniq amaliy natijalarini bermoqda.
Hozirgi paytda 250 nafardan ortiq ayol sudyalarimiz odil sudlovni amalga oshirishdek nihoyatda mas’uliyatli va shu bilan birgalikda sharafli kasbda faoliyat yuritishmoqda. Ayol sudyalar orasida eng quyi sud tizimidan boshlab, Oliy sudgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarda rahbarlik lavozimlarida ishlayotganliklari ayol sudyalarimiz nechog‘li bilimli, zukko va talabchan ekanliklaridan dalolat beradi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi faoliyatida ayol sudyalarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Sudyalar oliy kengashi a’zolarining 6 nafarini rahbar ayollar tashkil etadi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Senati Kengashining tegishli qaroriga muvofiq, Kengash faoliyati tarixida birinchi bor ayol sudya – Boboxonova Nodira Aloxonovna Kengash raisining o‘rinbosari lavozimiga saylandi.
Shuningdek, Kalandarova Malikaxon Pirnazarovna, Eshmatova Feruza Farxodovna, Raximova Nigina Xayrullayevnalar o‘z faoliyatlarini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi a’zolari etib, Shukurlayeva Guli Yusupovna esa faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi Kengash a’zosi – Sudyalar oliy kengashi sudyasi etib saylandi.
Ayni paytda Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyasi sifatida ishlab kelayotgan Ziganshina Go‘zal Ravilevna bilan birgalikda Kengash a’zolarining 30 foizini ayol sudyalar tashkil etadi. Bu “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifaga to‘la mos keladi.
Bundan tashqari, ko‘p yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida samarali faoliyat yuritib, katta tajriba orttirgan malakali sudya ayollar Boltaxodjayeva Iroda Abdukarimovna O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2026-yil 18-apreldagi tegishli farmoyishiga asosan Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari ‒ fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi, Parpiyeva Gulnora Axatovna – Toshkent viloyat sudi raisining o‘rinbosari ‒ fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlandi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda adolatli jamiyat barpo etish, gender tenglikni ta’minlash va sud tizimini yanada takomillashtirish jarayonida ayol sudyalarning o‘rni va roli alohida ahamiyat kasb etadi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi bunday nufuzi nafaqat bugungi kun, balki kelajak taraqqiyoti uchun ham mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA