Sud sohasida kadrlar tayyorlash: yangi tizim, natija va samaradorlik
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimlariga nomzodlar tayyorlash kursini 153 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli tamomladi. Endi ular Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tkaziladigan sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlash bo‘yicha ochiq tanlovda ishtirok etadi. Ochiq va muqobillik asosida o‘tadigan tanlovda g‘olib bo‘lgan nomzod sudyalik lavozimiga birinchi besh yillik muddatga tayinlanadi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 6 yanvardagi “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sud apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan ixtisoslashgan davlat ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabining tashkil etilishi sud-huquq islohotlari samaradorligini yanada oshirdi. Jumladan, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish orqali professional va yetuk sudyalik korpusini shakllantirish yangi bosqichga ko‘tarildi.
Sudyalar oliy maktabining tashkil etilishi xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuqori baholandi. Xususan, Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani, shuningdek, sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlashning yangi tartibini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan choralarni mustaqil va xolis sudlov tizimini yaratish borasidagi ijobiy qadamlar sifatida baholagan. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlott Adrian intervyularidan birida sudyalar oliy maktabi tomonidan tayyorlanayotgan bo‘lajak sudyalar bilimli hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilishiga ishonch bildirgan edi.

Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon har bir tizim oldida yangi talablar qo‘ymoqda. Shundan kelib chiqib ta’lim jarayonida eskirgan o‘quv-uslubiy yondashuvdan voz kechildi. O‘quv jarayoni bilan huquqni qo‘llash amaliyotining uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash “70 foiz amaliyot – 30 foiz nazariya” tizimi asosida tashkil etildi. Shuningdek, kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish va sud ma’muriyatchiligini yuritish ko‘nikmalarini egallashga, ish va boshqaruvni tashkil etishning innovatsion shakl va uslublarini o‘zlashtirishga qaratilgan yondashuvlar asosida dars mashg‘ulotlarining mavzulari shakllantirildi.
Masalan, psixologik holatni nazorat qilish ko‘nikmasini shakllantirish uchun “Stress va stressni keltirib chiqaruvchi holatlarni boshqarish”, “Konfliktologiya. Nizolarning kelib chiqishi, ish jarayonida nizolarni hal qilishning samarali usullari”, “Taym-menedjment: ish jarayonini to‘g‘ri va samarali tashkil etish” kabi dars mashg‘ulotlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, o‘quv kursining barcha ixtisosliklari bo‘yicha “Sud tizimida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Sud-huquq sohasidagi islohotlar” kabi yangi o‘quv mashg‘ulotlari kiritildi.
Ta’lim jarayoni “sudyani sudya o‘qitadi” tamoyili asosiga qurilgani o‘zini to‘la oqlamoqda, deyish mumkin. Ya’ni, o‘quv mashg‘ulotlariga professor-o‘qituvchilardan tashqari tizimda uzoq yillar samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tajribali sudyalar ham jalb qilindi. Sudyalar oliy maktabi professor-o‘qituvchilarining aksariyati, ya’ni 11 nafari (85 foizi) yuridik fanlar bo‘yicha ilmiy darajaga ega 9 nafari (70 foizi) uzoq yillar davomida sudyalik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, dars mashg‘ulotlariga doimiy ravishda amaldagi sudyalar va amaliyotchi mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti qo‘llanilmoqda.
Sudyalikka nomzodlarni tayyorlashning jahon standartlariga asoslangan butunlay yangi tizimi joriy qilingani ham o‘zining ijobiy natijalarini berayotir. Xususan, o‘tgan besh yil davomida Sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursida 345 nafar tinglovchi tahsil olgan. Уларdan 323 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan. E’tiborlisi, ular faoliyatining reyting ko‘rsatkichi yuqori: 224 nafari a’lo, 46 nafari yaxshi, 42 nafari qoniqarli baholanmoqda.

Sudyalar oliy maktabiga kirish sinovlari, shuningdek, tinglovchilardan oraliq va yakuniy imtihonlar olish jarayoni bo‘yicha to‘liq shaffof tizim yaratilgan. Xususan, imtihon komissiyasi tarkibiga Sudyalar oliy maktabi professor-o‘qituvchilari kiritilmaydi. Komissiya Sudyalar oliy kengashi tomonidan Kengash, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud sudyalari, viloyat va shahar sudlari raislari, huquqshunos olimlar, nufuzli ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Baholash kollegial tartibda hal qilinishi, uning natijasidan shikoyat qilish imkoniyati mavjud hamda barcha sinov jarayonlari tasvirga olib boriladiki, bu turli shubha va suiiste’molchiliklarning oldini oladi.
Sudyalar va sud apparati xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudning tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi. Bu esa sud amaliyotda duch kelayotgan muayyan muammolarga yechim topish hamda sudyalarning o‘zaro tajriba almashish imkonini yaratadi. Jumladan, 2019-2024 yillar davomida Sudyalar oliy maktabida jami 1472 nafar sudyalar hamda 862 nafar sud xodimlari o‘z malakalarini oshirdi.
Ta’lim samaradorligi o‘quv adabiyotlarining mazmunli va sifatli bo‘lishiga ham bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan Oliy maktab professor-o‘qituvchilari tomonidan sudyalar va sudyalikka nomzodlar uchun maxsus o‘quv adabiyotlarini yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. So‘nggi besh yil davomida Sudyalar oliy maktabi tomonidan jami 9 ta darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanma, 47 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 10 ta monografiya va 6 ta ilmiy konferensiya materiallari to‘plami chop etilib, amaliyotda tinglovchilar tomonidan foydalanib kelinmoqda.
Qonunga ko‘ra, barcha sudyalar bir xil maqomga ega. Ya’ni, barcha darajadagi sudlar raislari va ularning o‘rinbosarlari ayni vaqtda sudya ham hisoblanadi. Biroq rahbarlik sudyalikning kasbiy salohiyatdan tashqari, tashkilotchilik, boshqaruvchilik, istiqbolni oldindan ko‘ra bilish kabi bir qator talablari bor. Shundan kelib chiqib test sinovlari asosida rahbar sudyalik lavozimi uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish va ular uchun qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan. Mazkur kurslarda psixologiya, konfliktologiya, boshqaruv, sud etikasi, notiqlik, sudlarni moddiy-texnik ta’minlash bo‘yicha ham maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinmoqda. Hozirga qadar mazkur kurslarda 63 nafar sudya qayta tayyorlash kursida tahsil olgan. Уларнинг 60 foizi rahbar sudyalik lavozimlariga tayinlangan.
Sudyalar oliy maktabida ta’lim jarayonini amaliyot bilan uzviyligini ta’minlash, sud ishlarini yuritishga oid qonunchilikni takomillashtirish hamda yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ham samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi besh yil davomida 70 dan ortiq tahliliy materiallar va qonunchilikka, 30 dan ortiq Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalariga takliflar, 80 dan ortiq qonun loyihalariga xulosalar ishlab chiqildi. 30 dan ortiq Davlat dasturlari va boshqa hujjatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Sudyalar oliy maktabi tashkil etilgani mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarida alohida o‘rin tutadi. Bo‘lajak sudyalarning nazariy bilimlarini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish, sudyalar va sud xodimlarining muntazam malakasini oshirib borishning yangi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lib, uning samarasi va ijobiy natijasi besh yillik faoliyati misolida o‘z aksini topmoqda. Bu esa fuqarolarning huquq va erkinliklarini sudlarda ishonchli himoya qilish, sud hokimiyati nufuzini oshirishga, eng muhimi, sudga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Dilshod Aripov,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi
direktori maslahatchisi,
yuridik fanlar doktori