Sud raislari samarali boshqaruvga oid amaliy tajribaga ega bo‘ldi
Prezidentimizning “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirilmoqda.
Ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirish kabi bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Farmonda sud raislari va rais o‘rinbosarlarining ham majburiy malakasini oshirish nazarda tutilgan. Shunga asosan Odil sudlov akademiyasida Sudyalar oliy kengashi hamda Oliy sud bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda unga tenglashtirilgan sudlarning raislari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Jarayonga davlat idora hamda tashkilotlari, nufuzli davlat ilmiy-ta’lim muassasalaridan yuqori malakali ekspertlar jalb etildi. Jumladan, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining yetuk mutaxassislari tomonidan tinglovchilarga dolzarb mavzularda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari, sud amaliyoti tahlili, shuningdek, xalqaro etiket va xorijiy hamkorlar bilan samarali muloqot qilish ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratildi.

Jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud amaliyotini chuqur tahlil qilish orqali malaka oshirish kurslari ishtirokchilarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Bunday formatdagi malaka oshirish kurslari sud raislarida nafaqat nazariy bilimlarini boyitish, balki sudlarni samarali boshqarishga oid amaliy tajribalarini oshirish, sohadagi ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirish, eng muhimi, jamiyatda adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA