Sud qarorining hurmati qayerda qoldi?
Tadbirkorda hokimning yer ajratish toʻgʻrisidagi qarori bor. Prokuratura mazkur qarorni bekor qilgan. Lekin prokuratura tomonidan bekor qilingan qaror Maʼmuriy sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga tajovuz bilan bogʻliq huquqbuzarlik va jinoyatlar uchun javobgarlik masalasiga bagʻishlangan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, poytaxtimizda tadbirkor tomonidan 81 tup daraxtning kesilishi bilan bogʻliq holat jamoatchilik oʻrtasida keskin eʼtiroz va muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Ochiq muloqotda mazkur holatga oid baʼzi jihatlar muhokama qilindi.
Tadbirkorda hokimning yer ajratish toʻgʻrisidagi qarori bor. Prokuratura mazkur qarorni bekor qilgan. Lekin prokuratura tomonidan bekor qilingan qaror Maʼmuriy sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.
Maʼlum boʻlishicha, Maʼmuriy sudning qarori qonuniy kuchda turibdi. Shunga qaramasdan tadbirkor jarimaga tortilib, undan qariyb 2 milliard soʻmlik zarar undirildi. Daraxtlar kesilgan joyda 150 tup daraxt ekiladigan boʻldi.
Haqli savol tugʻiladi: tadbirkorga yer maydoni inshoot qurish uchun ajratilgan. Agar daraxtlar kesilmasa, inshoot qurib boʻlmaydi. Bunga kim izoh beradi?
Ochiq muloqotda jurnalistlar tomonidan berilgan shu kabi savollarga Oliy sud sudyalari tomonidan atroflicha javob berildi.
Prezidentimizning 2019-yil 13-dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi ham ushbu masalaning dolzarbligini anglatadi.
2019-yilda mamlakatimizda faoliyat yurituvchi Iqtisodiy sudlar tomonidan jami 197 ming 291 ish koʻrib chiqilgan. Mazkur ishlarning 20 ming 810 tasi xususiy tadbirkorlik subyektlarining daʼvogarligida qoʻzgʻatilgan boʻlib, bu ishlar boʻyicha javobgarlardan 2 milliard 502 million soʻm undirilishi belgilangan. Mazkur tadbirkorlarning 42 foizi oʻz vaqtida soliqni toʻlamagan. Bu ishlarning 17 ming 146 tasi boʻyicha daʼvo qanoatlantirilib, daʼvogarlar foydasiga javobgarlardan 1 milliard 330 million soʻm undirilishi belgilangan.
Ushbu davrda turli mulkchilik shakliga asoslangan daʼvogarlar tomonidan xususiy tadbirkorlik subyektlariga nisbatan taqdim etilgan daʼvolar boʻyicha 152 ming 485 ish koʻrib chiqilgan boʻlib, bu toifadagi javobgarlardan 10 milliard 591 million soʻm undirilishi belgilangan.
Koʻrilgan ishlarning 137 ming 683 tasi boʻyicha daʼvo qanoatlantirilib, daʼvogar foydasiga 7 milliard 834 million soʻm undirilgan boʻlsa, 10 ming 86 ish boʻyicha daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan. 3 ming 73 ish boʻyicha daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan va 1 ming 643 daʼvo boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ochiq muloqotda tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish, xoʻjalik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish bilan bogʻliq huquqbuzarlik va jinoyatlar uchun javobgarlik toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.