Sud qarori bilan ekologiyaga zarar yetkazayotgan korxona faoliyati to‘xtatildi
Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yil 26 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Maxam-chirchiq” aksiyadorlik jamiyati faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatildi.
Bu Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliginingsudga kiritgan arizasi sabab bo‘ldi.
Vazirlik sudga murojaat qilib, “Maxam-chirchiq” aksiyadorlik jamiyatining faoliyatini kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatishni so‘ragan.

Bunga tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va normativ-huquqiy hujjatlar talablari ijrosini ta’minlanish yuzasidan mazkur jamiyat faoliyatida o‘tkazilgan tekshirish natijasi sabab bo‘lgan.
Chunki, tekshirish davomida 11 holatda kamchilik aniqlangan. Jumladan, chang-gaz tozalash uskunasining samaradorligi me’yoriy hujjat talabiga javob bermagan. Ifloslantiruvchi moddalar belgilangan me’yordan ortiq chiqarilayotgani ma’lum bo‘lgan. Kimyoviy moddalar belgilangan hududda joylashtirilmagan. Suv tarkibidagi kimyoviy moddalarning ortiqcha chiqarilayotgani, kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmagani kabi holatlar ham aniqlangan.
N.Abduraimova, O‘zA