Sud jarayonlarini OAVda qanday yoritish kerak?
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida sudlar faoliyatini yoritish masalalari bo‘yicha jurnalist va blogerlar uchun o‘quv seminar-trening o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining matbuot kotibi A.Abidov, Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida sud organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi. Jumladan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va sudlar faoliyati yuzasidan doimiy ravishda matbuot anjumanlari va brifinglar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Sudlar faoliyati yuzasidan axborot olish va tarqatishda sudlarda yangi tashkil etilgan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limining ahamiyati katta bo‘lmoqda. Ammo baribir hali hanuz sud jarayonlari bilan bog‘liq materiallarda qonunchilikka zid holatlar, sud majlislarini yoritishda kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda.

Shundan kelib chiqib, seminar treningda Oliy sud plenumining 2020 yil 21 fevraldagi “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur qarorda belgilangan qoida va tartiblar batafsil tushuntirildi.
– Ushbu hujjatda OAV vakillari va jamoatchilikning sud majlislarida ishtirok etishi qoidalari aniq belgilab qo‘yilgan – dedi A.Abidov. – Sud ruxsati va tomonlar fikri inobatga olingan holda sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish tartibiga ham aniqlik kiritildi.
Endilikda ochiq ko‘rilayotgan sud ishiga protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan OAV vakillariga ham sud majlisida qatnashish imkoniyati yaratildi. Qonunda ko‘rsatilmagan holatlarda esa matbuot xodimlarining sud majlisiga kiritilmasligiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Trening davomida sud organlarining OAV va jamoatchilik bilan muloqot olib borishining huquqiy asoslari, axborot tarqatishda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda javobgarlik masalalari, sud ishlariga doir materiallarni tayyorlashning muhim jihatlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti Beruniy Alimov sud ishlarini ommaviy axborot vositalarida yoritishning o‘ziga xos tomonlari, bu boradagi milliy tajriba va xalqaro amaliyot haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, guruhlarga bo‘lingan holda rezonans sud ishini yoritish bo‘yicha simulyatsion o‘yin va tok-shou tashkillashtirildi.
Tadbir yakunida Samarqand viloyati sudi vakillari hamda jurnalist va blogerlar muloqot qilib, o‘zaro fikr almashdi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA