Sud ishlari bo‘yicha tezkor ma’lumotni my.gov.uz portalidan olish mumkin
Fuqarolarga sud ishlari bo‘yicha tezkor ma’lumot yetkazish maqsadida Oliy sudning axborot tizimlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) bilan integratsiya qilindi.
Kimgadir sud ishi tayinlangan bo‘lsa, endilikda bu haqda my.gov.uz dagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma keladi.
Endilikda fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan sud majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va sud to‘g‘risida oldindan xabar yuboriladi.
Xabarnomadagi sud yuzasidan to‘liq ma’lumot olish yoki shikoyat topshirish zarurati yuzaga kelsa, Oliy sudning my.sud.uz portali orqali shaxsiy kabinetga kirib, shikoyat yoki murojaat yuborish ham mumkin.
Buning natijasida sudga kelib-ketish bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar, vaqt sarfi qisqaradi hamda sud majlisi tayinlangani haqida bexabar qolish holatlariga barham beriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA