Striptiz oʻynamoqchi boʻlgan qizlar jazolandi
Kecha ijtimoiy tarmoqda Samarqanddagi kafeda bayram nishonlagan qizlar striptiz oʻynamoqchi boʻlgani va bu odamlarda keskin norozilik uygʻotgani hamda buning ortidan kelib chiqqan holatlar haqida turli xabarlar tarqaldi.
Kecha ijtimoiy tarmoqda Samarqanddagi kafeda bayram nishonlagan qizlar striptiz oʻynamoqchi boʻlgani va bu odamlarda keskin norozilik uygʻotgani hamda buning ortidan kelib chiqqan holatlar haqida turli xabarlar tarqaldi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabariga koʻra, 2020-yilning 8-mart kuni Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan fuqaro I.M. Samarqand shahar Oʻrta Xoʻja Soat mahallasida joylashgan “Ikrom choyxonasi” nomli oshxonada oʻzining tugʻilgan kunini nishonlash maqsadida bazm uyushtirgan.
Ushbu bazmga yigʻilgan I.M.ning yaqin dugonalari – Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan J.F va Jizzax viloyati Doʻstlik tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan X.S.lar raqsga tushib, mazkur oshxonada oʻtirgan fuqarolar va ularning oila aʼzolariga noqulaylik tugʻdirgan.
Shundan soʻng, fuqarolar “Ikrom choyxonasi” maʼmuriyatiga I.M. va uning tanishlari xatti-harakati yuzasidan shikoyat bildirganliklari sababli, ularning orasida oʻzaro kelishmovchilik yuzaga kelgan. Soʻngra fuqarolardan biri huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilgan. Milliy gvardiya xodimlari kelib, I.M va uning tanishlarini IIB binosiga olib bormoqchi boʻlganlarida, ular xodimlarga faol qarshilik koʻrsatgan.
Mazkur holat 9-mart kuni Samarqand shahar maʼmuriy sudida koʻrib chiqildi.
Samarqand shahar maʼmuriy sudi raisi O.Pardayevning maʼlum qilishicha, jamiyatda oʻrnatilgan yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan huquqbuzarlik sodir qilganligi hamda IIB xodimlarining oʻz vazifalarini bajarishga taalluqli qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida daʼvat qilganligi uchun fuqaro I.M.ga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi, J.F. va X.S.ning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (669 ming soʻm) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.