Statistika sohasi global baholash tizimidan o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida «O‘zbekiston milliy statistika tizimini global baholash» maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlar guruhi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, global baholashning maqsadi xalqaro va Yevropa ko‘rsatmalari va tavsiyalariga, BMTning rasmiy statistikani asosiy tamoyillari va Yevropa statistikasi amaliyot kodeksiga muvofiq, rasmiy statistikani tayyorlashda institutsional, tashkiliy va texnik salohiyatni chuqur va har tomonlama tahlil qilishdan iborat.

Tadbirda qayd etilganidek, global baholashlar dastlab 2008 yilda Janubi-Sharqiy Yevropa va Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi milliy statistika tizimlarini baholashdan boshlangan. Global baholashlar nafaqat milliy statistika idoralari bilan bog‘liq, balki rasmiy statistikaning barcha asosiy tayyorlovchilarini, jumladan, markaziy banklar, moliya, mehnat vazirliklari va boshqalarni qamrab oladi.
Shunday qilib, global baholashlar hukumatlar, foydalanuvchilar hamda boshqa milliy va xalqaro manfaatdor tomonlar uchun statistika tizimlari rivojlanishining umumiy holati haqida keng qamrovli tasavvurga ega bo‘lish uchun noyob imkoniyat hisoblanadi.

Uchrashuv doirasida Statistika agentligining markaziy apparati boshqarma boshliqlari tomonidan milliy statistika tizimining ustuvor vazifalari, muammo va imkoniyatlari, milliy statistika tizimining huquqiy bazasi, kasbiy mustaqilligini himoya qilish to‘g‘risida, statistika ishlari dasturini amalga oshirish uchun kadrlar va byudjet mablag‘lari hamda axborot tarqatish, aloqa va foydalanuvchilar bilan ishlash mavzusida taqdimot qilindi.
Bundan tashqari, Global baholash doirasida rasmiy statistikaning boshqa ishlab chiqaruvchilari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot va moliya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Qishloq xo‘jaligi, Sog‘liqni saqlash va boshqa vazirliklar qamrab olindi hamda baholashdan o‘tkazildi.

Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar va interaktiv xizmatlarni rivojlantirish hamda Axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tomonidan axborot texnologiyalari infratuzilmasi va dasturiy vositalari, ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tarqatishdagi roli haqida taqdimot qilindi.
Statistika agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, oliygohlar vakillari va boshqa faollar bilan uchrashilib, Agentlik bilan o‘zaro hamkorlik masalalari o‘rganildi.
Uchrashuv yakunida ekspertlar hamda OAV vakillarining ham uchrashuvi tashkil etildi. Unda Statistika agentligi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot qildi. Shuningdek, jurnalistlar tomonidan o‘zaro hamkorlik borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur o‘tkaziladigan Global baholash natijalari bo‘yicha olinadigan tavsiyalar O‘zbekiston milliy statistika tizimini rivojlantirishning 2026-2030 yillar uchun mo‘ljallangan strategiyasini ishlab chiqishda foydalaniladi. Uchrashuvlar yakunida xorijlik ekspertlarga agentlikda yaratilgan shart-sharoitlar, muzey, sport zali va ish xonalari ko‘rsatildi. BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlar guruhi «O‘zbekiston milliy statistika tizimini global baholash» dasturi bo‘yicha o‘zlarining dastlabki xulosalarini tayyorlab, agentlik mutaxassislariga taqdim etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA