Startap g‘oyani qanday qilib yirik biznesga aylantirish mumkin?
Bugun startaplar nafaqat yangi g‘oya va texnologiyalarni yaratish, balki ularni amaliyotga tatbiq etish, ishlab chiqarish jarayonlariga joriy qilish va yangi biznes modellarini shakllantirishda muhim omilga aylanmoqda. Biroq, har qanday istiqbolli g‘oyaning muvaffaqiyati uning amaliyotga qay darajada tatbiq etilishi, investitsiya bilan ta’minlanishi va bozor talabiga moslashishiga bog‘liq.
Shu maqsadda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish hamda yaratilayotgan yangi mexanizmlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlar hamda startap loyihalarini yirik klasterlarga taqdim etish” mavzusida “Demo Day” tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda mahalliy startapchilar, yirik ishlab chiqarish klasterlari, investorlar va tadbirkorlar bir maydonda jamlanib, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini muhokama qildi. Asosiy e’tibor istiqbolli loyihalarni yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan bog‘lash, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va ularga investitsiya jalb qilish masalalariga qaratildi.
Tadbir doirasida 40 ga yaqin startap loyiha mualliflari o‘z innovatsion ishlanmalari va biznes g‘oyalarini taqdim etdi. Taqdimotlarda loyihalarning mazmun-mohiyati, amaliy imkoniyatlari, bozordagi o‘rni va rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
– Aslida, startap uchun g‘oyaning o‘zi yetarli emas. Uni real mahsulot yoki xizmatga aylantirish uchun moliyaviy resurs, texnologik baza, malakali mutaxassislar va bozorga chiqish imkoniyati zarur. Shu ma’noda, startapchilar bilan yirik biznes vakillarining bir maydonda uchrashishi yangi loyihalar uchun muhim imkoniyatlarni ochib beradi.

Bunday muloqotlar asnosida loyiha mualliflari o‘z ishlanmalarini salohiyatli investorlarga taqdim etish, biznes vakillarining talab va ehtiyojlarini o‘rganish, yangi hamkorlar topish va loyihalarini yanada takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda, – dedi Agentlik axborot xizmati rahbari Muqaddas Fayozova.
Darhaqiqat, innovatsion g‘oyaning haqiqiy qiymati uning qanchalik tez va samarali ravishda amaliyotga tatbiq etilishi bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, bunday platformalar startapchilarga nafaqat o‘z loyihalarini namoyish etish, balki ularni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan sarmoya, hamkor va ishlab chiqarish imkoniyatlarini topishda ham muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Eng muhimi, bunday uchrashuvlar orqali yangi g‘oya egalari bilan uni amalga oshirish uchun zarur resurs va imkoniyatlarga ega bo‘lgan biznes vakillari o‘rtasida hamkorlik uchun sharoit yaratilmoqda. Bu esa istiqbolli startaplarni yangi mahsulot, xizmat va ishlab chiqarish loyihalariga aylantirishga zamin yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA