Sportimiz kelajaklari
So‘nggi yillarda Olimpiya o‘yinlari turkumidan joy olgan sport turlari, jumladan, taekvondo (WT) rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida sportchilarimiz ulkan marralarni zabt etmoqda.
Mamlakatimiz sport tarixida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlarida to‘rt nafar sportchi bilan ishtirok etib, Ulug‘bek Rashitovning oltin medalni qo‘lga kiritgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Ushbu muvaffaqiyatlar o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi barchamizga ma’lum. Mamlakatimizda navqiron avlodni barkamol etib tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Bolalar sportini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoit farzandlarimizning har tomonlama sog‘lom voyaga yetishi, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bugun yurtimizdagi zamonaviy shart-sharoitga ega muhtasham sport majmualari, ochiq va yopiq suv havzalari, stadionlar, sport zallari va maydonlari ming-minglab o‘g‘il-qizlar uchun sevimli maskanga aylangan. Bu yerda ular o‘zi tanlagan sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish, tajriba va mahoratini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Avvallari ota-onalar farzandining sport bilan shug‘ullanishini vaqtni behuda sarflash, deb tushunardi. Sport va ta’lim-tarbiya bir-biriga zid tushunchadek edi. Bolasini sport to‘garagiga berishni istagan ayrim ota-onalar ham shahar yoki tuman markaziga qatnashiga to‘g‘ri kelardi. Murabbiy va yo‘riqchilar faqat jismonan baquvvat bolalarnigina tanlab olardi. Salomatlikni mustahkamlash, sog‘liq uchun sport bilan shug‘ullanish, degan tushunchalarga hamisha ham e’tibor qaratilmasdi.
Bugun esa sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar, ularning mehnati davlatimiz tomonidan yuqori baholanib, sharaflanayotganini ko‘rgan bolalar va ota-onalarning jismoniy tarbiya va sportga munosabati tamoman o‘zgardi. Hozir ota-onalarning o‘zi farzandini sport majmuasiga yetaklab kelmoqda. Chunki, shahar va qishloqlarimiz, eng chekka hududlarda ham sport bilan shug‘ullanish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bularning barchasi mamlakatimizda bugun jismoniy tarbiya va sport farzand tarbiyasining muhim mezoniga aylangani, sog‘lom turmush tarzi, jismoniy va ma’naviy kamolot singari mushtarak tushunchalar kundalik hayotimizda mustahkam o‘rin olayotganidan dalolatdir.
[gallery-3901]
Buni poytaxtimizdagi Shaxontohur tumanida joylashgan taekvondo (WT) to‘garagi misolida ham ko‘rish mumkin. Mazkur to‘garakda yuz nafarga yaqin bolalar o‘z mahoratini oshirib kelmoqda.
– Hozir yurtimizda bolalar va yoshlarni sport bilan shug‘ullantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda bolalarni sportga oshno qilib, avvalo, ularning salomatliklarini yanada yaxshilash va kelgusida yuksak marralarni egallashi uchun taekvondo (WT) to‘garagi faoliyatini boshladim, – deydi taekvondo (WT) bo‘yicha murabbiy Obidjon Abdurahmonov. – Hozirda haftada uch marotaba mashg‘ulotlar o‘tkazaman. Mashg‘ulotlar besh mahal tashkil etilgan. To‘garakda asosan bog‘cha va maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar shug‘ullanadi. Shogirdlarim yosh bo‘lsa-da, ular o‘rtasida mamlakat miqyosidagi musobaqalarda sovrindor bo‘lganlar ham bor. Umid qilamanki, kelgusida shogirdlarim Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, qit’a va jahon chempionatlarida ishtirok etib, Vatanimiz sharafini yanada yuksaltiradi.
Sport yoshlarning dunyoqarashini shakllantiradi. Bola sport bilan band bo‘lsa, oilasiga, atrofga yanada teranroq nigoh bilan qaray boshlaydi. Unda mehr-oqibat, ahillik va mas’uliyat tuyg‘usi kuchayadi. Ayniqsa, farzandlarimizning kichik yoshdan jismoniy tarbiya va sportga do‘st tutingani ular tarbiyasi uchun g‘oyat ahamiyatlidir. Shu bois farzandini qo‘lidan yetaklab majmuaga kelayotgan ota-onalar safi tobora kengaymoqda.
To‘garakda O.Abdurahmonov qo‘l ostida shug‘ullanayotgan Imron Habibullaxo‘jayev, Uvays Isoxo‘jayev, Usmon Abdug‘aniyev, Muslimbek Azimov, Odilbek Obidov, Jamoliddin Kamolov, Ubaydullo Turg‘unov, Bilol Sobirjonov, Amirbek Nosirjonov, Asadbek Samandarov, Abdulqodir Abdullayev, aka-uka Abdurahim va Abduvoris Toirov, Jaloliddin Akmalov, E’zoza Rahmonova, Baxtiyor Nig‘matov, Jahongir Sa’dullaxo‘jayev, Ma’murbek Esirgapov, Shamshod Usmonov, Odilxo‘ja Xusanov, Muhammadsolih Rahmatullayev kabi yosh sportchilar bir qator mamlakat miqyosidagi musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilib kelmoqda.
– Taekvondo bilan shug‘ullanishimga tog‘alarim sababchi. Ular ham yoshligida ushbu sport turiga qatnagan. Men ham ularga qiziqib, uyda ularning mashq qilayotganini ko‘rib, bir-ikki sport elementlarini bajarardim. Ular meni mazkur sport turiga qiziqishimni ko‘rib, sport to‘garagiga olib keldi. Hozirda 3 yildan buyon ustozim Obid aka qo‘l ostida shug‘ullanmoqdaman. Kelgusida Jasur Boyqo‘ziyev, Dmitriy Shokin, Ulug‘bek Rashitov singari jahon va Osiyo chempionlari, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lish uchun intilaman, – deydi Uvaysxon Isoxo‘jayev.
– O‘g‘lim Muslimbek Azimov uch yildan beri taekvondo bilan shug‘ullanadi, – deydi Rustam Azimov. – Sport uning jismoniy va ruhiy holati, odob-axloqi, salomatligi yaxshilanishi, fanlarni o‘zlashtirishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Farzandlarimizning sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz. Nasib qilsa, bolalarimizga yaratilayotgan sharoitlar, yuksak e’tibor samarasini xalqaro maydonda yuqori natijalar qayd etganda ko‘ramiz.
Ha, sport bilan shug‘ullangan bola o‘z hayot yo‘liga ega bo‘ladi, o‘ziga ishonadi va o‘zligini yaxshi anglaydi. O‘ziga ishongan avlod esa tom ma’noda ertangi kunning hal qiluvchi kuchidir. Ishonamizki, bugun oddiy sport to‘garagiga borayotgan ertamiz egalari, o‘zlari tanlagan sport yo‘nalishida Olimp cho‘qqisini zabt etadi. Bu cho‘qqini egallash uchun imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, tinimsiz mehnat zarur.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA