Sportda dopingga qarshi kurashda mas’uliyat va nazorat muhim ahamiyatga ega
Poytaxtimiz sport majmualarida davom etayotgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalari doirasida sport ta’lim muassasalari rahbarlari, murabbiylar va sport shifokorlari ishtirokida dopingga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi, Sport vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tgan seminarda antidoping qoidalariga kiritilgan so‘nggi yangilanishlar, antidoping qoidabuzarlik turlari, terapevtik istisnoni qo‘llash tartibi hamda sportda taqiqlangan moddalardan foydalanish bilan bog‘liq masalalar haqida so‘z yuritildi.

Muhokamalar jarayonida ayrim hollarda sportchilar taqiqlangan moddalarni bilmagan holda iste’mol qilishi mumkinligi, bunday holatlarning oldini olishda nafaqat sportchilarning, balki murabbiylar va shifokorlarning ham mas’uliyati muhim ahamiyatga egaligi aytib o‘tildi.

Sportchilar qabul qilayotgan dori vositalarini nazorat qilish, ularning tarkibini tekshirish va zarur hollarda mutaxassislar bilan maslahatlashish profilaktikaning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA