Sportchilarimiz Olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashmoqda
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz munosib ishtirok etmoqda.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz munosib ishtirok etmoqda.Boks bo‘yicha vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda qatnashayotgan Hasanboy Do‘smatov dastlabki jangida meksikalik Xoselito Velazuyezga qarshi ringga chiqdi. Mustahkam himoya, kuchli texnika, aniq va tezkor zarbaga ega bokschimiz raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Endi Hasanboy 10-avgust kuni o‘tkaziladigan chorak final bahsida qozog‘istonlik Birjan Jakipov bilan bellashadi.
Vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Rustam To‘laganov ilk bahsida ekvadorlik Xulio Sezar Kastilloni 3:0 hisobida yengib, chorak finalga chiqdi. Tajribali bokschimiz 10-avgust kuni yarim final yo‘llanmasi uchun kechadigan bellashuvda ozarbayjonlik Abduqodir Abdullayev bilan kuch sinashadi.
Akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilayotgan bahslarda Shahboz Xolmirzayev saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. 2000 metr masofaga o‘tkazilgan poygalarda 7 daqiqayu 14.58 soniya natija bilan marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va chorak finalga yo‘llanma oldi.
Bugun Shahboz Xolmirzayev chorak finalda o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, Olimpiya o‘yinlarining bugungi musobaqasida dzyudo bo‘yicha Shahzodbek Sobirov, boks bo‘yicha Xurshid Tojiboyev va og‘ir atletika bo‘yicha Doston Yoqubov bahslarga kirishadi.