Sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev Andijon viloyatida bo‘lib, viloyatda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish, sportchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada parasportchilar tomonidan nafaqat mamlakat, balki xalqaro miqyosda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i yildan-yilga ortmoqda.


Milliy paralimpiyaqo‘mitasi raisi Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Andijon shahridagi qilichbozlik majmuasi hamda Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib, mazkur maskanlarda sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.


Shuningdek, sport ta’lim muassasalarida paralimpiya yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar hamda ularning murabbiylari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda sportchilarning turli nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, erishilayotgan natijalar, mavjud muammolar va kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda paralimpiya sportini yanada rivojlantirish, yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni professional sportga yo‘naltirish bo‘yicha mutasaddi va mas’ullarga taklif va tavsiyalar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.