Sport xabarlari
“O‘zbekiston” sport majmuasida futzal bo‘yicha “Assotsiatsiya kubogi – 2016” musobaqasi o‘tkazildi.
Futzal. “O‘zbekiston” sport majmuasida futzal bo‘yicha “Assotsiatsiya kubogi – 2016” musobaqasi o‘tkazildi.Musobaqaning final uchrashuvida poytaxtimizning “Five Star” jamoasi “Olmaliq” klubi bilan bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun bahslashdi. Uchrashuvda “Olmaliq” klubi a’zolari raqiblarini 7:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, “Assotsiatsiya kubogi – 2016” g‘olibiga aylandi.
* * *
Taekvondo. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Sochi shahrida taekvondo (ITF) bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda 4 oltin va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur musobaqada Oyatilloh Akromov, Bolat Oygul shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi. Zuhra Ergasheva ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Hamidulla Lutfullayev, Ibrohim Nig‘monov, Bolat Bahovuddin o‘z vazn toifasida bronza medal sohibi bo‘ldi.
* * *
Erkin kurash. Rossiyada erkin kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda polvonlarimiz mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
Dunyoning 200 dan ziyod sportchisi ishtirok etgan xalqaro turnirda Islom Ilhomov barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bronza medal uchun o‘tgan bellashuvlarda Rustambek Jo‘rayev va Feruz Yoqubovning qo‘li baland keldi.