Sport to‘garaklari doimo gavjum
Yozgi ta’til arafasida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning mazmunli hordiq chiqarishi, o‘zlari istagan sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yozgi ta’til arafasida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning mazmunli hordiq chiqarishi, o‘zlari istagan sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Toshkent viloyati Quyi Chirchiq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejida sportning shaxmat-shashka, stol tennisi, mini futbol, voleybol, taekvondo (ITF) kabi turlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan. To‘garak mashg‘ulotlarida shug‘ullanayotgan 500 dan ortiq o‘quvchiga malakali murabbiylar sport sirlarini puxta o‘rgatmoqda.
– Yozda to‘garaklar mashg‘ulotlari soni ko‘paytirilib, vaqti uzaytiriladi, – deydi taekvondo (ITF) bo‘yicha murabbiy Mirzabek Kushmanov. – Chunki ta’til davrida bo‘sh vaqti bo‘lgan o‘quvchilar bir paytda bir necha sport turi bilan shug‘ullanishga harakat qiladi. Mavsumning yanada mazmunli va esda qolarli o‘tishini ta’minlash maqsadida ichki musobaqalar o‘tkazamiz, mashhur sportchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilamiz.
Kollejning iqtidorli sportchilari – Sevara Norqulova, Javohir Ro‘zibekov, Bekjon Abduhamidov taekvondo (ITF) bo‘yicha 2015-2016-yillarda mamlakat miqyosidagi musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi. Hozir mazkur sport turi bilan shug‘ullanayotgan 80 dan ortiq yigit-qiz vaqti uzaytirilgan mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan.
Yozgi ta’til vaqtida ta’lim muassasalarida oromgohlarga jalb etilmaydigan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan bu kabi sport to‘garaklari barcha ta’lim muassasalarida tashkil etilmoqda.