Sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish – ustuvor vazifa
Munosabat

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda sportni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbus va tizimli yondashuvlar ilgari surildi. Xususan, ommaviy sportda nafaqat qamrov, balki aholining sog‘lig‘i va jismoniy ko‘rsatkichlari asosiy mezon sifatida belgilanishi ta’kidlandi. Sport to‘garaklaridagi formal yondashuvlar tanqid qilinib, ularni amaliy natijaga yo‘naltirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida sportni rivojlantirish, talaba-yoshlarni sportga keng jalb etish, federatsiyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda iqtidorli yoshlarni saralash va tayyorlash tizimini takomillashtirish vazifalari belgilab berildi. Mahallalarda “sog‘lom hayot volontyorlari” tizimini joriy etish, sport natijadorligini sog‘liq ko‘rsatkichlari asosida baholash va faol hududlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Barcha ta’lim muassasalarida zamonaviy va ommabop sport yo‘nalishlarini, jumladan, kross-fit mashg‘ulotlarini joriy etish, haftaning bir kunini sport kuni sifatida belgilash orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda “mahalla – maktab – sport muassasasi – oliygoh” zanjiri asosida uzluksiz tizimni shakllantirish, dual ta’lim asosida murabbiylar tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ilgari surildi. Shu bilan birga, sohada ilmiy yondashuvlarni kuchaytirish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish orqali boshqaruv samaradorligini oshirish vazifalari belgilab berildi.
Muhimi, barcha darajadagi rahbarlar faoliyati sport sohasidagi aniq natijalar asosida baholanishi, ijro intizomi va shaxsiy mas’uliyat kuchaytirilishi ta’kidlandi.
Namangan davlat texnika universitetida ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida sport sohasidagi ishlar yangi yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda. Jumladan, talaba-yoshlarni ommaviy sportga jalb etish ko‘lami kengaytirilib, sport to‘garaklari faoliyati qayta ko‘rib chiqilmoqda. Zamonaviy sport turlari joriy etilib, infratuzilmadan samarali foydalanish, iqtidorli sportchilarni saralash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oybek Ergashev,
Namangan davlat texnika universiteti rektori, professor, O‘zA