Sport – nafislik va salomatlik manbai
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishda joylarda o‘tkazilayotgan ommaviy sport tadbirlarining ahamiyati beqiyos.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha qabul qilingan Milliy dastur ijrosini ta’minlash ayni maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida “Sport – nafislik va salomatlik manbai” festivalining respublika final bosqichi tashkil etilgani mazkur yo‘nalishdagi xayrli ishlardan biri bo‘ldi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jismoniy faolligini oshirish, ularning salomatligini mustahkamlashga zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tuman va shaharlardagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan opa-singillar stritbol, stol tennisi, shaxmat va shashka bahslarida o‘zaro kuch sinashdi.

Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamkorligida uch bosqichda o‘tkazilgan ushbu festival musobaqalari mehnat jamoalarining 11 ming nafardan ziyod xotin-qizlarini qamrab oldi.
Salomatlik va nafislik bellashuvlari natijasiga ko‘ra, shaxmat musobaqalarida sovrinli o‘rinlar buxorolik Shahnoza Ochilova, samarqandlik Maftuna Arziqulova, surxondaryolik Maftuna Joniqulovaga nasib etgan bo‘lsa, shashka bahslarida buxorolik Nigina Bozorova, qashqadaryolik Lobar Eshmadatova, sirdaryolik Naiba Astaraqulova shohsupaga ko‘tarildi.

Stol tennisida xorazmlik Shahlo Kuryazova, Toshkent viloyati vakilasi Marhabo Agzamova, sirdaryolik Gulshan Hamdamova yetakchilik qilishdi. Barchaning diqqat-markazida bo‘lgan stritbol uchrashuvlarida esa Toshkent viloyati va poytaxtlik dugonalarini ortda qoldirgan Buxoro jamoasi g‘oliblikni tantana qildi.
“Sport – nafislik va salomatlik manbai” festivalining g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA