Sport maqsad sari intilishga kuch beradi
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi oliy ta’lim muassasalarida ham sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish va talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga alohida e’tibor berilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning faol yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida ham ayni shu masalaga ham e’tibor qaratildi va bu borada muhim vazifalar belgilab berildi. Namangan muhandislik-texnologiya institutida bo‘lib o‘tgan jismoniy tarbiya va sport festivali ham aynan shu ezgu maqsadga qaratildi.

Tadbirda institut talaba-yoshlari sportning voleybol, futbol, shaxmat, stol tennisi va vorkaut turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Har bir bellashuv murosasiz tarzda kechib, talabalar nafaqat o‘z sport mahoratini sinovdan o‘tkazishdi, balki jamoaviy ruh, iroda va chidamlilik borasida ham tajriba orttirdi. Musobaqaning shiddatli onlaridan biri futbol maydonida kechdi. Jamoalar bir-biriga mos raqib bo‘lib, hujumkor o‘yin namoyish etdi. Voleybol bellashuvlarida talabalar chaqqonlik va jamoaviy taktika orqali kuch sinashdi.

– Sport nafaqat jismoniy sog‘lomlik garovi, balki intizomli, maqsad sari intiluvchan va jamoaviy ishlashga layoqatli bo‘lishga o‘rgatadi. Ayniqsa, vorkout musobaqasi men uchun eng qiziqarli bo‘ldi, – deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabasi Shahzodbek Ibragimov. – Biz kuch, chidamlilik va irodamizni sinab ko‘rdik. Kelgusida ham bunday sport tadbirlarining doimiy uyushtirilishi yoshlarga katta motivatsiya beradi. Festivalning yana bir muhim jihati shundaki, u navqiron avlod vakillarining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishiga yordam beradi.


– Festivalning yana bir muhim jihati shundaki, u navqiron avlod vakillarining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishiga yordam beradi. Institutimizda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan musobaqalarni kelgusida ham muntazam ravishda davom ettirilishi rejalashtirilgan. Zero, sport bu nafaqat raqobat va bellashuv, balki salomatlik, intizom va kelajak sari qo‘yilgan mustahkam qadamdir, – deydi oliygoh sport bo‘limi boshlig‘i, professor-murabbiy Ulug‘bek Qo‘chqorov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA