Sport maktablari ishchi guruh nazoratida
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda respublika Sport vazirligi mutasaddilarining mamlakatimiz hududlari bo‘ylab olib borayotgan o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi birinchi vitse-prezidenti Otabek Umarov boshchiligidagi Ishchi guruh Namanganda bo‘lib, viloyatning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi infratuzilmasi hamda yoshlarga bu borada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.


Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamrohligidagi Ishchi guruh vakillari dastavval Davlatobod tumani sport maktabida bo‘ldi. Mazkur muassasada yangi barpo etilgan sendvich panelli dzyudo zali mutasaddilar e’tiborini tortdi. Viloyat yoshlari orasida dzyudoga qiziqish va ushbu sport bilan shug‘ullanuvchilar soni sezilarli darajada oshib bormoqda. Sport maktabi murabbiylari bilan muloqot chog‘ida iqtidorli sportchilarni saralash, ular bilan ishlash, yangidan-yangi nomlarni kashf qilish, chempionlarni yetishtirish borasida fikr almashildi.


Namangan shahridagi yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi, jahon standartlariga javob beruvchi “Okean” suzish havzasi ham ko‘zdan kechirildi. Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida muassasa faoliyati tahlil qilinib, viloyat hokimligi, sport boshqarmasi, federatsiyalarning hududiy vakillari ishtirokida yangi Olimpiya sikliga taraddud, shu jumladan, “Rio-2028” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga nomzodlarni tayyorlash, 2025 yil uchun rejalar ko‘rib chiqildi.


Uchrashuvda bo‘lajak Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘radigan namanganlik sportchilar ro‘yxati ko‘rib chiqilib, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, hududiy mutaxassislar bilan sport maktablarining faoliyatini yanada jonlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda murabbiylar malakasini oshirish borasida kelgusida bajariladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA