“Sport bizni birlashtiradi”
Azaldan polvonlar, kuragi yerga tegmagan kurashchilar yurti bo‘lib kelgan Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi kasb-hunar maktabida “Sport bizni birlashtiradi” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Unda kasb-hunar maktabining sportsevar o‘quvchilari voleybol, mini futbol, stol tennisi, shaxmat-shashka va yengil atletika turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Bayramona tus olgan tadbirni kasb-hunar maktabi direktori Shahzoda Abdullayeva ochib berdi. U o‘quvchilarga sport musobaqalarida zafar tiladi va yurtimizda o‘tkazilajak muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha referendumda faol ishtirok etishlariga umid bildirdi.

Shundan so‘ng sport bellashuvlariga start berildi. Ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 400 nafardan ziyod o‘quvchi yoshlar ishtirokidagi musobaqalar qizg‘in kurashlarga boy bo‘ldi. Serg‘ayrat, sog‘lom va tirishqoq o‘quvchilar turli yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
– Yigitlar avvalo Vatan himoyachisi sanaladi. Bunda esa sog‘lom bo‘lish, sportga oshnolik, chiniqish muhim jihatdir, – deydi kasb-hunar maktabining 2-bosqich o‘quvchisi Yahyobek Usmonov. – bugungi tadbir barchamizga manzur bo‘ldi. Ustozlarimiz tomonidan turli musobaqa va bellashuvlar muntazam o‘tkazib kelinadi. Ayniqsa, sport bellashuvlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tadi.

– Bellashuvlarda qizlar ham faol ishtirok etishyapti. Men yugurish bellashuvida qatnashyapman. Albatta g‘oliblik uchun harakat qilaman, – deydi yana bir o‘quvchi Nilufar Sulaymonova. – Bunday tadbirlar o‘zimizda sog‘lomlik, maqsad sari intilish, mashaqqatlarni yengish, muammolarga qarshi kurashish xislatlarini shakllantirishda qo‘l keladi.

Musobaqa yakunlanib, g‘oliblarni va faol qatnashuvchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda tuman hokimligi va sektor rahbarlari ham ishtirok etdi, sovrindorlarga esdalik sovg‘alarini taqdim qildi.
M.Sulaymonov,
O‘zA