So‘zi va ishi bir, sofdil ijodkor
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg va kinoshunos olim Farhod Musajonov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
Kechada atoqli yozuvchi ijodi, hayoti, ibratli faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
–Ustoz ijodkor Farhod Musajonovning hikoya, povestlarini barchamiz o‘qiganmiz, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, atoqli shoira Farog‘at Xudoyqulova. – Ularda insonni ulug‘lash, rostgo‘ylik, kitobxonni barkamol inson bo‘lishga undov kuchlidir.
–Adabiyot shunday sohaki, unga har kim har xil kirib keladi, – dedi taniqli jurnalist Gulchehra Umarova. – Farhod aka adabiyotga sokin kirib kelganlar. Sababi o‘zlari ham vazmin, sokin inson edilar. Ularning filmlari ham hozirgi filmlardan bir necha pog‘ona baland filmlardir. Farhod aka sira o‘z ijodini targ‘ib etmasdilar. Ehtimolki, unvonlarni kechikib olganlarining sababi shunda bo‘lsa kerak. Lekin ijodkor uchun unvon emas, inson sifatida yaxshi oilaga bosh bo‘lish, o‘zidan yaxshi farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazish muhimroq. Shu jihatdan, televideniye jurnalisti Gulmira Musajonovani ko‘rib, Farhod akaning nechog‘li baxtli inson bo‘lganlarini anglaymiz. Farhod aka o‘z prinsiplaridan qaytmaydigan, kamtar, irodasi baquvvat ijodkor edi.
–O‘tgan asrning 80-yillarida O‘zbekiston televideniyesida "Ertaga premera" degan ko‘rsatuv bo‘lar edi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Dilshod Shams. – Farhod aka bu ko‘rsatuvning boshlovchisi, muallifi edilar. Ustoz bu ko‘rsatuvni jonli, samimiy, xalqchil, tomoshabin yuragiga yetib boradigan tarzda olib borar edilar. Biz uchun Farhod aka juda katta ijodkor edi. "Ko‘zlarim yo‘lingda", "Taqdiring qo‘lingda", "Lafz" kabi filmlarning muallifi. Ularning asarlarida eng murakkab jarayonda insonning qaror qabul qilish qobiliyati, inson sha’ni, sharafi, qadr-qimmati ustuvor o‘rin tutadi. Kino sohasini milliylashtirishda o‘z davrida Farhod Musajonov, Temurmalik Yunusov, Rixsivoy Muhammadjonov kabi ijodkorlarning hissasi g‘oyat katta.
–Bundan ko‘p yillar avval "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasida Farhod Musajonovning mustaqillikni intiqlik bilan kutgani haqidagi maqola e’lon qilingan edi, – dedi taniqli shoir Rustam Musurmon. – Maqolada mustaqillikning ma’no-mazmuni teran ochib berilgani bois keng jamoatchilikka juda manzur bo‘lgan. Farhod aka o‘z so‘zlari, yo‘l-yo‘riqlari bilan menga ustozlik qilgan edi. Ular umrlarining so‘nggi yillarida ham yosh ijodkorlar davrasida bo‘lganlar.
–Farhod Musajonov qalban kinorejissyor edilar, – dedi "Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Voqeliklarni kinotasmasidek ko‘ra olar edilar. Vazmin, so‘zga, ijodga muhabbati, sadoqati juda baland inson edilar.
Xotira kechasida qayd etilganidek, Farhod Musajonov oddiy, rostgo‘y, imon-e’tiqodi sobit inson edi. Ustoz ijodkor 1933 yili 19 dekabrda Toshkent shahrining O‘qchi mahallasida tavallud topgan edi. Adib Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlab, "Sharq yulduzi", "G‘uncha" jurnallarida, "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasida, O‘zbekiston Radiosining adabiyot bo‘limida ishladi. "O‘zbekfilm" kinostudiyasi, "O‘zbekkino" davlat aksiyadorlik kompaniyasida faoliyat ko‘rsatgan.
Adibning "Daradagi qishloqda" nomli ilk hikoyasi 1956 yilda "Sharq yulduzi" jurnalida chop etilgan. Adabiyot muxlislariga Farhod Musajonovning "Oftobni quvalab", "Bahor nafasi", "Bo‘sh kelma, Aliqulov!", "Bir qultum buloq suvi", "Dushanba, nonushtadan so‘ng", "Sunbula", "Bog‘ ko‘chamni qo‘msayman", "Himmat", "Bog‘ ko‘cha", "Qilich va soz" , "Lafz", "Kuymagan jonim manim" kabi nasriy ijod namunalari yaxshi ma’lum.
Farhod Musajonov ko‘plab badiiy va hujjatli filmlar, pesalar muallifi.
Ustoz ijodkorning milliy adabiyotimizga qo‘shgan hissasi yuksak qadrlanib, G‘afur G‘ulom nomidagi mukofot, "Shuhrat" medali, "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan.
– Farhod akaning otalari qatag‘onga uchragan, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Farhod Musajonovning jiyani Ma’mura Karimova. – Hayotda o‘z yo‘lini topish, qolaversa, oilaga ko‘maklashish o‘z davrida Farhod aka uchun nechog‘li murakkab bo‘lganini anglash qiyin emas. Shunday bo‘lsa-da, hayotdan sira shikoyat qilganini, noliganini bilmaymiz. Barchamizning oliy ma’lumotli bo‘lishimizga, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda ularning o‘rni katta bo‘lgan. Farhod aka doim o‘qishga, izlanishga da’vat etardilar. Ularning xotirasiga ko‘rsatilayotgan ehtiromdan juda mamnunmiz.
[gallery-15129]
Ma’rifiy anjumanda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Farhod Musajonovning hayoti, faoliyati va ijodiga oid hujjatli film namoyish etildi.
Darhaqiqat, so‘z va amalning birligida, qat’iyat va oddiylikda, ijodga ulkan mehr va sadoqatda Farhod aka bugun ham chin ma’noda ko‘plarimizga ibratdir.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA