So‘xlik mard o‘g‘lonning qahramonligi unutilmaydi
Vatanimiz mustaqilligini yovuz kuchlardan himoya qilishda fidoyilik ko‘rsatgan mard va dovyurak o‘g‘lonlarimizning porloq xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi.Ayniqsa, ularning ko‘rsatgan jasorati yoshlarga ibratdir. Farg‘ona viloyatida Vatan himoyachilari kunida ana shunday o‘g‘lonlarning qahramonligi yodga olinib, oila-a’zolaridan xabar olinmoqda.
So‘x tumanilik katta serjant Xayriddin Xolboyev 2000 yili Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida xalqaro terrorchilarga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib, qahramonlarcha halok bo‘lgan.

Bugun tuman hokimligi, harbiylar va jamoatchilik vakillari Lenbur mahallasidagi u tug‘ilgan xonadonda bo‘lishdi.
Xayriddin Xolboyevning ota onasi – Shodiboy va Gulsunbi Xolboyevlarga Farg‘ona viloyati hokimining esdalik va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Xayriddin Xolboyev ta’lim olgan So‘x tumanidagi 18-sonli umumta’lim maktabida uning byusti o‘rnatilgan. Maktab ichida esa qahramon yigitga bag‘ishlangan muzey tashkil qilingan.
M. Sulaymonov, O‘zA