So‘x za’faroni Kuvaytga eksport qilinmoqda
Za’faron inson organizmi hujayralarini oziqlantirish bilan birga, terini silliqlaydi, rangini tiniqlashtirib, xotira va aqliy faoliyatni yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘taradi. Shuningdek, ko‘plab kasalliklarni davolovchi shifobaxsh xususiyatga egaligi bilan tibbiyotda alohida o‘rin tutadi.
Farg‘ona viloyati So‘x tumanining purviqor tog‘lari bag‘rida tanga davo bo‘lgan ming turdagi giyohlar o‘sadi. Yerlik aholi tabiatan mehnatkash insonlar emasmi, ular yetishtirayotgan noyob va kamyob bo‘lgan za’faron bugun eksportbop mahsulot sifatida tumanning tashrif qog‘oziga aylanmoqda.

2022 yilda yaxshi niyat bilan 5 gektar yer maydoni za’faron yetishtirish uchun ajratilgan edi. Dastlabki yilda 5 kilogramm hosil olingan bo‘lsa, oradan ikki yil o‘tib, 20 kilogrammdan ortdi. Tumanda za’faron parvarishining yo‘lga qo‘yilgani nafaqat qimmatbaho mahsulot olish, balki chekka hududda mavsumiy yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining daromad manbaini kengaytirish imkonini berdi. O‘tgan yilda hosilni yig‘ishtirib olishga 40 nafarga yaqin fuqaro jalb etilgan bӯlsa, hozir 10 dan ortiq xotin-qizlar sotuvga tayyorlanayotgan mahsulotni qadoqlashmoqda.

Endilikda So‘x za’faroni ichki bozordan tashqari, xorijiy davlatlarga ham sotilmoqda. Jumladan, Kuvayt davlatiga 20 kilogramm mahsulot yetkazib berish uchun 300 ming AQSH dollarilik shartnoma imzolandi. Ayni kunlarda maxsus qadoqlangan za’faronni hamkor davlatga yuborish ishlari boshlandi.
– Joriy yilda tuman bo‘yicha 8,6 million AQSH dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi, 7,5 million dollarlik sanoat mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish rejalashtirilgan. Za’faronning chet davlatlarga eksport qilinishi, shubhasiz, So‘xning bu sohadagi salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Adham Safarov.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA