So‘nggi 10 yilda oila instituti ijtimoiy tuzilma sifatida o‘zgardimi?
15 may — Xalqaro oila kuni
Insoniyatning ma’naviy kamol topishida oilaning o‘rni muhim. Oila jamiyatning ajralmas qismi, unda inson dunyoga keladi va voyaga yetadi. Sog‘lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirish esa sog‘lom kelajak demakdir.
Fuqarolar va ularning oilalari manfaatlarini himoya qilish, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, nikoh institutini mustahkamlash va rivojlantirish, yosh oilalarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ijtimoiy siyosatning asosiy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlarini samarali amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Xalqaro oila kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “O‘zbekistonliklar oila to‘g‘risida: asosiy qarashlar va ustuvorliklar” mavzusida kompleks tadqiqot o‘tkazdi. So‘rovda O‘zbekistonning barcha mintaqalari aholisi, erkaklar va ayollar, yoshlar va katta yoshdagilar, shahar va qishloqlar aholisi ishtirok etdi.
O‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovi oila bolalarning tug‘ilishi va tarbiyasi, qadriyatlar va xulq-atvor normalarining avloddan-avlodga o‘tishi amalga oshiriladigan asosiy ijtimoiy institut ekanligini tasdiqlaydi. Oila o‘zbekistonliklarning fikricha, oila a’zolarining hissiy va moddiy ehtiyojlarini qondirish, barqarorlik va qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash kabi bir qator vazifalarni bajaradi. Oila va fuqarolarning oila va nikohga bo‘lgan munosabati so‘nggi vaqtlarda sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, bu o‘zbekistonliklarning har bir shaxs, jamiyat va umuman davlat uchun oilaning roli va ahamiyati haqidagi tasavvuri va fikriga ta’sir ko‘rsatmoqda, oilani jamiyatning yacheykasi sifatida tushunishdan uning qadr-qimmatini anglash tomon siljish yuz bermoqda.
So‘rovda olingan natijalarga ko‘ra, oilaning asosiy vazifalaridan biri o‘zbekistonliklarning tasavvurida farzandlarni dunyoga keltirish, ularga g‘amxo‘rlik qilish va tarbiya berish, nasl-nasab davom ettirilishini ta’minlash hisoblanadi.
Shuningdek, tadqiqot ishtirokchilarining hisoblashicha, oila o‘z a’zolariga emotsional qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi, ularga hayotda ishonch va himoyalanganlik hissini beradi, his-tuyg‘ularni, muloqot va o‘zaro munosabatlarni ifoda etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi, oila kishilar qo‘llab-quvvatlash, tushunish va mehr-muhabbat topishlari mumkin bo‘lgan makon hisoblanadi. Oila yosh avlod tarbiyasida yetakchi rol o‘ynaydi, aynan oilada shaxsning shakllanishi, umum e’tirof etilgan xulq-atvor normalari, ma’naviy qadriyatlar va an’analarning ota-onalardan bolalarga o‘tishi yuz beradi, oilada inson kerakli muloqot va o‘zaro hamjihatlik ko‘nikmalariga ega bo‘ladi, oila zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish va hayotga moslashishga yordam beradi.
Respondentlar oila jamiyatning axloqiy asosi ekanligini ta’kidlab o‘tgan. So‘rov ishtirokchilarining fikricha, sog‘lom jamiyat avloddan-avlodga o‘tadigan yuksak ma’naviy-axloqiy tamoyillar, qadriyatlar va an’analarga ega kuchli, baxtli,
ma’naviy barqaror oilalardan tarkib topadi. So‘rov ishtirokchilarining ta’kidlashicha, shuningdek, oila ota-onalar va bolalar o‘rtasida hissiy bog‘liqlikni yaratadi, bu esa oilaning katta a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik qilinishiga yordam beradi.
O‘zbekiston jamiyati ijtimoiy munosabatlardagi dinamik o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, bu jarayonda gender, oila-nikoh munosabatlari namunalari, erkaklar va ayollarning jamiyat va oiladagi roli va mavqei, qadriyatlar tizimi o‘zgarmoqda.
Mamlakatimizda oila institutining rivojlanishi dunyoning aksariyat mamlakatlarida ushbu rivojlanishni tavsiflovchi global jarayonlarni: oilaviy ajralishlar va takroriy turmush qurishlar sonining ko‘payishi hamda shunga muvofiq ota-onalardan biri o‘gay bo‘lgan va oldingi nikohda tug‘ilgan bolani tarbiyalayotgan oilalar, takroriy turmush va er-xotinning har birining birinchi nikohidan farzandlari bo‘lgan aralash turdagi oilalar ulushining ko‘payishi, oilaning muqobil shakllari (to‘liqsiz oilalar, ro‘yxatga olinmagan nikoh) paydo bo‘lishi, nikohni ancha kattaroq yoshgacha kechiktirish hollarini qisman takrorlamoqda.
Oila bilan sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni, oila a’zolarining o‘zaro munosabatlari modernizatsiya qilinayotganini fuqarolarning o‘zlari ham his qilmoqdalar. “So‘nggi 10 yilda oila ijtimoiy tuzilma sifatida o‘zgardimi?” degan savolga o‘zbekistonliklarning aksariyati ijobiy javob berishdi, 65,2% respondentlar ularni ijobiy deb hisoblaydi va zamonaviy oilalar mustahkam hamda barqaror bo‘lib borayotganiga ishonadi. So‘ralganlarning har beshinchisi qarama-qarshi fikrda bo‘lib, davom etayotgan o‘zgarishlarni salbiy baholaydi, ularning fikricha, oilalarning barqarorligi va mustahkamligi kamaydi.
So‘rov davomida oila qurish uchun zarur bo‘lgan majburiy shartlar aniqlandi. So‘rov ishtirokchilarining ta’kidlashicha, bo‘lajak umr yo‘ldoshlari o‘rtasidagi mehr-muhabbat oila qurish uchun eng muhim omil hisoblanadi, kuchli hissiy bog‘liqlik, o‘zaro yaqinlik tuyg‘usi, muloyimlik, hurmat, sevimli kishining taqdiri uchun javobgarlik, sadoqat va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, turmush o‘rtog‘i bilan hayotning hamma quvonchlari va qiyinchiliklarini baham ko‘rishga tayyorlik kabi tarkibiy qismlari oilaviy rishtalarning mustahkamligiga va nikoh munosabatlarining uyg‘unligiga yordam beradi. Nikohga kirayotgan yoshlarning ruhiy-hissiy mutanosibligi oilani shakllantirish uchun zarur shartlar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Ruhiy xususiyatlar va fe’l-atvorning mos kelishi er-xotinning uyg‘unligi va nikohdan qoniqishiga hissa qo‘shadi, ko‘p yillar davomida munosabatlarni saqlab turishga imkon beradi.
So‘rov erkaklar va ayollarning oila qurish uchun qanday sharoitlar zarurligi haqidagi fikrida mavjud bo‘lgan farqlarni aniqladi. Erkaklar uchun moddiy mustaqillik ustuvor hisoblanadi, ular faqat barqaror, yaxshi haq to‘lanadigan ish yoki doimiy daromad mavjud bo‘lgan holdagina oila qurish mumkin deb hisoblaydi.Ayollar uchun oila qurishda ikki yosh o‘rtasidagi o‘zaro muhabbat va hissiy rishtalarning mavjudligi eng muhim hisoblanadi.
Erkaklar uchun o‘zaro sevgi-muhabbatning mavjudligi oila qurishning ikkinchi muhim sharti hisoblanadi, uningsiz oila qurish mumkin emas deyishsa, ayollar uchun umr yo‘ldoshlarning ruhiy-hissiy mutanosibligi oila qurish uchun zarur bo‘lgan tarkibiy qismlarning ikkinchi qatorida turadi. Erkaklar ruhiy-hissiy mutanosiblikni yoshlarning turmush qurishi uchun zarur bo‘lgan uchinchi muhim shart deb atashdi, ayollar esa moliyaviy mustaqillikni ko‘rsatishdi.
O‘tkazilgan tadqiqot O‘zbekiston jamiyatida oila qurish va nikoh ittifoqini tuzish borasidagi an’analar va urf-odatlar kuchli ekanligini tasdiqladi. So‘ralganlarning aksariyati (43,9%) bo‘lajak er-xotin ota-onalarining ushbu jarayonda bevosita va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini oilani yaratish uchun maqbul variant sifatida qayd etishdi, tadqiqot ishtirokchilarining hisoblashicha, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan ota-onalar o‘z farzandlarining fe’l-atvori va xususiyatlarini bilganliklari tufayli ularga umr yo‘ldoshi tanlashda ijobiy ta’sir ko‘rsatadilar, ular qizi yoki o‘g‘li uchun eng yaxshi umr yo‘ldoshi tanlashga yordam beradilar va shu bilan baxtli oilaviy hayot uchun poydevor qo‘yiladi, uning barqarorligi va farovonligi ta’minlanadi.
Oddiy bo‘lmagan ushbu masalada ideal munosabatlar haqidagi his-tuyg‘ular va tasavvurlarga e’tibor qaratib, yoshlar o‘z oilalarini mustaqil ravishda yaratishi kerakligiga amin bo‘lgan fuqarolarning ulushi 41,8%ni tashkil qildi. Ularning ta’kidlashicha, faqat o‘zlarining hayotiy tajribasi, qarorlari va xatti-harakatlari uchun mas’uliyat hissi yoshlarning kelajakdagi turmush o‘rtog‘ini tanlash va oila qurishga ongli ravishda yondashuviga yordam beradi.
7,1 foiz so‘ralganlarning fikricha, oila qurish va nikohga kirish uchun umr yo‘ldoshi izlashning yaxshi varianti professionallarga murojaat qilish hisoblanadi. Nikoh agentliklari yoki sovchilar bu masalada katta tajribaga ega, ular hayotdagi sherikni izlash va tanlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Aholi so‘rovlarining monitoringi shuni ko‘rsatdiki, o‘zbekistonliklar oilaviy ajralishlarning eng keng tarqalgan sabablaridan biri – bu er-xotin fe’l-atvorining mos kelmasligi va dunyoqarashlarining har xilligidir, bu esa tushunmovchilik, kelishmovchilik, janjallar va oilaviy nizolarga olib keladi deb hisoblashadi. Oilaviy ajralishlarning ikkinchi eng keng tarqalgan sababi sifatida respondentlar iqtisodiy vaziyatning beqarorligi bilan bog‘liq muammolar va o‘zining moddiy ahvolidan qoniqmaslikni keltirdilar. Respondentlar moliyaviy kelishmovchiliklar, er-xotindan birining ortiqcha talablari, istalgan farovonlik bilan haqiqiy holat o‘rtasidagi nomuvofiqlik oilaning buzilishiga sabab bo‘ladi deb hisoblaydilar. Nikohlarning buzilishiga olib keladigan eng keng tarqalgan sabablar orasida maishiy muammolar uchinchi o‘ringa chiqdi. Respondentlar er-xotindan birining internetga qaramligini va ijtimoiy tarmoqlarning ta’sirini oilaviy munosabatlarni buzadigan salbiy omil sifatida ta’kidlashdi.
So‘rov ishtirokchilari umr yo‘ldoshining xiyonati va er-xotin hayotiga qarindoshlarining aralashuvini oilaviy ajralishning muhim sabablari qatoriga kiritishdi. Shuningdek, tadqiqot ishtirokchilari farzandli bo‘lolmaslik va alkogolizm yoki er-xotindan birining giyohvandligi ajrimga sabab bo‘lmoqda deb hisoblaydilar.
So‘rov natijalariga ko‘ra, farzandlar uchun asosiy mas’uliyat ota-ona zimmasiga tushadi, 92% o‘zbekistonlik shunday deb hisoblaydi. Farzandlar tarbiyasi va kamoloti, ularni katta mustaqil hayotga tayyorlash uchun ota-onalar mas’ul ekanliklariga o‘zbekistonliklarning ishonchi komil. So‘rov ishtirokchilari farzandlarning ma’naviy-axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, eng yaxshi insoniy fazilatlarni shakllantirish va jamiyatning munosib a’zosini tarbiyalash ota-onalarning asosiy majburiyati deb hisoblaydi.
Fuqarolarning fikriga ko‘ra, ota-onalarning farzandlar oldidagi ustuvor majburiyatlaridan biri – bu ularning ta’lim olishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdan iborat, respondentlarning ta’kidlashlaricha, farzandlar zamonaviy mehnat bozorida talabgor bo‘lgan munosib kasbga ega bo‘lishi uchun ota-onalar barcha zarur choralarni ko‘rishi zarur. Fuqarolar ota-onalarning o‘z farzandlari oldidagi muhim majburiyati – bu ularning sog‘lig‘i, jismoniy va ruhiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish deb hisoblaydilar.
So‘rov ishtirokchilarining ta’kidlashlaricha, ota-onalar farzandlarining to‘g‘ri ovqatlanishi, sog‘lom turmush tarzini yuritishi, kasal bo‘lsa, davolanishni o‘z vaqtida ta’minlashi, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari haqida qayg‘urishi kerak.
Umuman olganda, telefon orqali o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovining ko‘rsatishicha, oila o‘zbekistonliklar uchun noyob va o‘zgarmas qadriyatdir, fuqarolar o‘z hayotini oila, sevgi, farzand, nikoh va qarindoshlik munosabatlarisiz tasavvur qila olmaydi.
Jamoatchilik fikriga ko‘ra, oila O‘zbekiston fuqarolarining asosiy hayotiy qadriyati, jamiyatning ma’naviy poydevori, ma’naviyat o‘chog‘i, milliy an’ana va urf-odatlarning posboni, munosib avlod tarbiyasini va ijtimoiy tajribaning avloddan-avlodga uzatilishini ta’minlovchi eng muhim ijtimoiy institut bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi zamonaviy oilani rivojlantirishni har tomonlama o‘rganish doirasida har yili oilaviy ichki, shaxslararo munosabatlar, umr yo‘ldoshlar, ota-onalar va bolalar, er-xotin va ularning ota-onalari o‘rtasidagi munosabatlar monitoringini olib boradi, oila va nikohni rivojlantirish institutini tavsiflovchi asosiy tendensiyalarni qayd etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA