So‘m mustahkamlanmoqda, dollar nega arzonlashdi?
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning oxirgi oylarida milliy valyuta — so‘m dollarga nisbatan mustahkamlanish fazasiga o‘tdi. Ichki valyuta bozorida talab va taklif mutanosibligi yaxshilangani, eksport tushumlari hamda pul o‘tkazmalari oshgani milliy valyuta barqarorligiga asosiy turtki bo‘ldi.
Markaziy bankning 10 oylik sharhiga ko‘ra, chet el valyutasiga bo‘lgan talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan. Shu davrda taklif 26 foizga ko‘paygan.
Yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalarda talab 24 foiz, taklif esa 38 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichlar ichki bozorda taklifning ustun kelayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur holat so‘mning barqarorligi va mustahkamlanishida muhim omil bo‘ldi. Joriy yilda (oltinsiz) eksport tushumlari 14,5 milliard dollarga yetdi. Shundan 8,1 milliard dollari ichki valyuta bozorida sotildi.
Eksport tushumlarining ko‘payishi valyuta taklifini sezilarli oshirib, bozorda dollar likvidligini kuchaytirdi. Mutaxassislar fikricha, bu so‘m mustahkamlanishiga salmoqli ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri hisoblanadi.
Aholi tomonidan yalpi ravishda valyuta ayirboshlash jarayonlari faollashdi. 10 oyda, 17,5 milliard dollar banklarga sotilgan. 9,7 milliard dollar sotib olingan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 25 foiz yuqori. Aholi tomonidan banklarga ko‘p miqdorda valyuta sotilishi bozorda taklifni oshirib, dollar narxining pasayishiga ta’sir qildi.
2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonga 15,8 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foiz ko‘p. Xalqaro pul o‘tkazmalari oshishi valyuta bozoridagi taklifning o‘sishiga olib keldi va milliy valyuta qadrini qo‘llab-quvvatladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–oktyabr davomida so‘m kursi 7 foizga mustahkamlandi. Bunga qator makroiqtisodiy omillar ta’sir ko‘rsatgan.
Bir so‘z bilan aytganda, ichki valyuta bozoridagi ijobiy tendensiyalar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari dinamikasi, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar faolligining ortishi so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishiga asosiy sabab bo‘ldi.
Markaziy bankning tegishli sharhiga ko‘ra, ichki valyuta bozoridagi barqarorlik saqlanib qolishi uchun taklif ustunligi muhim rol o‘ynamoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA