Soliqlarni vaqtida to‘lash fuqarolik burchimiz
Soliqlar yurtimiz farovonligi, yo‘llarimiz ravonligi, aholi salomatligi, farzandlarimiz kelajagi uchun sarflanadi. Afsuski, ayrim fuqarolar o‘z majburiyatlarini unutib, soliq qarzlarini to‘lamasdan kelmoqda. Vaholanki, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ijro hujjatlari bo‘yicha davlat byudjetiga soliq qarzdorligini undirish yuzasidan soliq organlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 2897 ta ijro hujjati bo‘yicha 83,7 milliard so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi undirilishi ta’minlandi.
Shuningdek, soliq va boshqa undiruvlar yuzasidan qarzdorlarga tegishli bo‘lgan 42,4 milliard so‘mlik mol-mulklar xatlanib, 3,5 milliard so‘mlik mol-mulk elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarilgan.

Qarzdorlardan soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq jami 1222 nafar qarzdorlarning 5,4 milliard so‘mlik qarzdorliklarini qoplash maqsadida ish haqi daromadlari haqida ma’lumotlar aniqlanib, ish haqlariga qaratilgan.
Misol uchun, Byuroning Karmana tuman bo‘limi ish yurituvidagi “N.” AJdan 3 milliard soliq qarzini undirish haqidagi ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlikni undirish maqsadida, hisob raqamlariga band solingan hamda mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida tashkilotdan soliq qarzdorligi to‘liq undirilib, davlat soliq boshqarmasining tegishli hisob raqamlariga yo‘naltirilishi ta’minlangan.
Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan soliq qarzdorligini undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri