“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili amalda
Hududdlarda davlat soliq xizmati xodimlari tadbirkorlik sub’ektlariga “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida ko‘maklashmoqda.
Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Qurbonova Ruxsora” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga davlat soliq xizmati xodimlari aralashuvi bilan 300 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga ko‘maklashildi.
– Bu ishni boshlashimdan oldin to‘g‘risi, kimga qanday murojaat qilishni ham bilmasdim, – deydi tadbirkor Ruxsora Qurbonova.

– Bino bor edi ammo uni jihozlashga mablag‘im yetarli bo‘lmaganligi bois davlat soliq xizmati organiga murojaat qildim. Ular tegishli tashkilotlar bilan birgalikda menga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga ko‘maklashishdi. Hozirda ushbu mablag‘lar evaziga binoni ta’mirlab ayollar uchun go‘zallik salonini tashkil etdim.
“Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tumandagi ko‘makka muhtoj tadbirkorlik sub’ektlariga faoliyatlarini yuritishlari uchun zarur bo‘lgan gaz, yer, elektr, suv soliq hamda kadastr borasidagi muammolarini o‘rganib ularga amaliy yordam berib kelinmoqda.
Romitan tumanida ham davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan hududdagi tadbirkorlik sub’ektlarining muammolarini hal etishda amaliy ko‘mak berilmoqda. Xususan, hududdagi ko‘p tarmoqli “Zafar” fermer xo‘jaligiga naslli qoramollarni ko‘paytirish maqsadida bir yarim milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘lari olishlariga ko‘maklashildi. Hozirda ushbu chorvachilik fermasida 30 nafarga yaqin doimiy ishchilar mehnat qilib kelmoqda.

Buxoro viloyati DSB Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat soliq xizmati mas’ul xodimlari 2021 yilning o‘tgan davrida hududdagi jami 12 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektining turli muammolarini hal etishda amaliy ko‘mak berilgan.
Shundan, dastlabki buxgalteriyasini yuritish bo‘yicha 2 ming 900 ta korxonaga yordam berildi. Soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibini tushuntirish borasida esa 1 ming 620 ta korxonaga tegishli amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. 470 ga yaqin korxonaga kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi.
Asosiysi tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘maklar natijasida byudjet tushumlarining o‘z vaqtida kelib tushishi hamda qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratilishiga erishilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA