Soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi
Davlatimiz rahbarining “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Farmonga ko‘ra, soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar to‘g‘risida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar 1 oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlariga ularning ixtiyoriga ko‘ra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq to‘lovchilar tomonidan soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini baholash imkoniyati yaratiladi.
Soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorligi darajasi ham baholab boriladi.
G.Boboyeva, O‘zA