Sohil bo‘yi loyihasi ishga tushirildi
Navoiy viloyati Navbahor tumanida aholi farovonligini oshirish, hududlarni obodonlashtirish hamda mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi muhim loyiha – sohil bo‘yi majmuasi foydalanishga topshirildi. Ushbu loyiha tuman infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lidagi yana bir amaliy qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

Loyihaning ochilish marosimida Kelachi, Beshrabot, Yuqori Beshrabot va Burqut mahallalari hududida amalga oshirilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari jamoatchilikka namoyish etildi. Qisqa muddat ichida sohil hududi mutlaqo yangicha qiyofa kasb etdi.
Mazkur loyiha doirasida sohil bo‘yi hududlari kompleks ravishda obodonlashtirilib, yashil maydonlar barpo etildi, zamonaviy infratuzilma shakllantirildi. Xususan, aholining mazmunli dam olishi uchun qulay piyodalar yo‘laklari, dam olish maskanlari, yorug‘lik tizimlari hamda turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi.

Sohil bo‘yi loyihasining yana bir muhim jihati uning iqtisodiy ahamiyati bilan bog‘liq. Loyiha tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, sohil hududida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish hamda hududning iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, mazkur sohil bo‘yi loyihasi Navbahor tumanida aholi uchun qulay va zamonaviy muhit yaratish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri